Bosh vazir o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov endi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga ham rahbarlik qiladi. U mazkur lavozimga Federatsiyaning navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasida saylandi.

Bundan tashqari, Abduhakimov bir vaqtning o‘zida «Chorvoq» erkin turistik zonasi direksiyasi direktori hamda Buyuk ipak yo‘li turizm instituti (Samarqand) rektori ham hisoblanadi.

Aziz Abduhakimov 1974 yilda tug‘ilgan. U Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Yaponiyaning «Xitotsubashi» universiteti bitiruvchisi hisoblanadi.

Mehnat faoliyati

Aziz Abduhakimov 2010 yilning martidan Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchisi, undan avval shu qo‘mitaning raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

2012 yilning noyabridan Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi lavozimida mehnat qilgan.

2014 yilning yozidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligini (eski nomi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi) boshqargan.

2016 yil 22 fevraldagi prezident qarori bilan vazirlik nomi Mehnat vazirligi etib o‘zgartirilgan. O‘sha yili davlat rahbarining 4 martdagi farmoni bilan Abduhakimov mehnat vaziri etib tayinlangan.

2017 yilning 26 mayidan 7 avgustigacha qayta tashkil etilgan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligini boshqargan edi.

2017 yilning 8 avgustidan esa Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga o‘tgan.

2018 yil may oyi oxirlarida u bosh vazirga o‘rinbosar etib ham tayinlangan.

2019 yilning boshidan «Ipak yo‘li» xalqaro turizm universiteti rektori lavozimiga ham tayinlangan.

U bosh vazirga o‘rinbosar bo‘lgach, qo‘mita rahbarligidan ketgan edi. Uning o‘rnini 2018−2020 yillarda vaqtincha rais vazifasini bajaruvchi sifatida Abdulaziz Akkulov bajarib turgan.

2020 yilning boshidan Aziz Abduhakimov yana Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisligiga qaytgan.

2020 yilning 27 avgustidagi prezident farmoni bilan «Chorvoq» erkin turistik zonasi direksiyasi tashkil etilib, uni bosh vazir o‘rinbosari — Aziz Abduhakimov boshqarishi belgilangan edi. Shu bilan birga, uning Bo‘stonliq tumani hokimligi faoliyatini ham muvofiqlashtirib borishi ma’lum qilingan edi.