27 yanvar kuni Toshkent tumanlararo ma’muriy sudida Yunusobod tumani Ahmad Donish va Amir Temur ko‘chalari kesishmasidagi 65 ta tadbirkorga tegishli bino va inshootlar joylashgan 6 ga yer uchastkasini davlat va jamiyat ehtiyoji uchun olish to‘g‘risidagi hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Sudning qaroriga ko‘ra, arizachi Uy Ro’zg’or Mollari, Nur Sexri Oshiyoni, Zar-Ziynat Biznes, Saida-Baroka, Glorius Justice, S. Rososhanskaya va Emisun Market’ning talablari to‘liq qanoatlantirildi.

Toshkent shahar hokimining 2018 yil 27 noyabrdagi «Yer maydonlarida obodonlashtirish va buzish ishlarini olib borish haqida"gi, 2019 yil 31 dekabrdagi «Urban Developers» MCHJ shaklidagi qo‘shma korxonasiga yer maydonini ajratib berish haqidagi va Yunusobod tuman hokimining 2018 yil 18 dekabrdagi «Toshkent shahar hokimining 2018 yil 27 noyabrdagi qarori ijrosi haqida"gi qarorlari haqiqiy emas deb topildi.

Sud qarori ustidan 30 kun ichida Toshkent shahar ma’muriy sudiga shu sud orqali apellyatsiya tartibida shikoyat berilishi yoki protest keltirilishi mumkin.