Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Shodiyor Ahmedov AOKAda o‘tkazilgan brifingda jismoniy shaxslar uyiga uzviy bog‘liq avtoturargohlar uchun soliq to‘lashini ma’lum qildi.

«2021 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslarning ko‘p qavatli uylarga uzviy bog‘liq bo‘lgan avtomashina turar joylari mol-mulk solig‘i ob’ekti qatoriga kiritildi. Kadastr idoralari tomonidan avtomashina turar joyi uchun alohida kadastr hujjati va qiymati rasmiylashtiriladi» — dedi Ahmedov.

Ta’kidlanishicha, avtomashina turar joylari uchun soliq kadastr qiymatidan 0,23 foiz stavkada to‘lanadi.

«Misol tariqasida, avtoturargohning kadastr qiymati 11 mln so‘m bo‘lsa, yillik mol-mulk solig‘i miqdori — 25 300 [11 mlnning 0,23 foizi — 25 300] so‘m qilib belgilanadi. To‘lov muddati 15 aprel va 15 oktyabr», — dedi DSQ vakili.

Bunga qadar jismoniy shaxslar avtoturargohga yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan 2% stavkada [11 mlnning 2 foizi — 220 ming] mol-mulk solig‘ini to‘lar edi.