The Guardian nashri Nigeriyadan O‘zbekistonga 7 nafar yosh yigit professional futbol bilan shug‘ullanish uchun aldov yo‘li bilan olib kelingani haqida xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, kamida yetti nafar 16−19 yoshli nigeriyalik o‘smirlar 2020 yil dekabr oyida Nigeriyani tark etib, O‘zbekistonda professional futbol bilan shug‘ullanish umidida kelishgan. O‘zbekistonda dekabr oyida ayni futbol mavsumi tugagan vaqtga to‘g‘ri keladi.

Ular Nigeriyaning turli shaharlaridan asli nigeriyalik bo‘lgan, o‘zini futbol agenti deb tanishtirgan shaxs tomonidan olib kelingan. «Men agentning o‘ziga jami 6000 AQSH dollari berdim, shundan 3900 dollari viza to‘g‘irlash, chipta va boshqa xarajatlarga ketdi», — dedi 16 yoshli Oneka Benson.

«U ota-onamga mening ikkinchi divizion klubida to‘p surishim va yaxshi pul ishlashimni va’da berib, ularni ko‘ndirdi. U, shuningdek, meni oliy divizion klubiga olib chiqishga harakat qilishini va’da qilgan edi. Biroq dekabr oyida O‘zbekistonga yetib kelgach, u endigina o‘zining 14 yoshgacha bo‘lgan bolalardan iborat klubini ochganiga guvoh bo‘ldim», — deydi u.

Guardian ma’lumotlariga ko‘ra, yoshlarni olib kelishdan oldin ularning ko‘nikmalari baholanmagan, xattoki ularning o‘yini videosi ham ko‘rilmagan. Ulardan biri O‘zbekistonga kelib vaziyatni tushungach, o‘z yurtiga qaytishga muvaffaq bo‘lgan. U o‘zini agent deb tanishtirgan odam bilan tortishib qolgan. Qolganlar esa vizasini uch oyga uzaytirishgan. Fevral oyida ularning viza muddati tugaydi.

«Men ularning ba’zilari bilan Toshkentda ko‘rishdim. Ular bu yerga futbol o‘ynashga kelishgani haqida aytishdi va men ulardan qaysi klubda faoliyatlarini boshlashgani haqida so‘radim, ular javob bera olishmadi. Men ularning bu yerda qanday kun kechirayotgani haqida o‘ylayapman. Ularning hammasining tarixi bir xil, hammasi ulardan pul olib, ularni chuv tushirgan bitta insonga borib taqaladi», — dedi Muborakning «Mash’al» klubi va Nigeriya terma jamoasi a’zosi Ifeani Ifeani.

Foto: «Mash’al» futbol klubi a’zosi Ifeani Ifeani.

Ifeani Ifeanining aytishicha, ular (Nigeriyadan yoshlarni olib kelayotganlar) ikki kishi va ular yoshlarni hech qanday rejalarsiz olib kelmoqda. «Ularning (nigeriyalik yoshlar — tahr.) ba’zilarini kuzatib, ular professional futbol bilan shug‘ullanishga tayyor emasliklariga amin bo‘ldim», — deydi «Mash’al» futbolchisi.

The Guardian xabarida aytilishicha, dunyo bo‘ylab har yili turli hududlardan Yevropaga 15 mingdan ortiq bolalar futbolchilik faoliyatini boshlash maqsadida aldov yo‘li bilan olib boriladi. Asosan ular futbol klublaridan hech qanday takliflarga ega bo‘lishmaydi, shunday bo‘lsa-da omadi kelishiga umid qilib bir nechta mamlakatlarga borishadi. Muvaffaqiyatsizlikka uchragach esa ular o‘z yurtlariga qaytib borishni xohlashmaydi.

«Ayniqsa juda chekka hududlarda oddiy bir qishloqdan o‘z yo‘lini qidirib ketayotgan yosh butun bir qishloqning umidi hisoblanadi. Omadsizlikdan yoki aldovdan so‘ng ular o‘z hamyurtlari orasida omadsiz sifatida yurishdan qo‘rqishadi. Oqibatda bu kabi aldovlardan so‘ng vatanlariga qaytib borishmaydi», — deyiladi xabarda.