Shavkat Mirziyoyev iqtidorli yoshlarni kashf qilish, ularning tashabbus va intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida «O‘zbekiston uchun 100 g‘oya» loyihasini amalga oshirishni taklif qildi. U bu haqda 27 yanvar kuni videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Prezidentning fikricha, loyiha doirasida shahar va qishloqlardagi tashabbuskor yoshlarning iqtisodiyot, ta’lim, sport, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari kabi sohalardagi g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratiladi.

Shavkat Mirziyoyev har bir viloyatdan 100 tadan g‘oya kelib tushishi kerakligini aytdi — O‘zbekiston bo‘yicha jami 1400 ta g‘oya bo‘ladi.

Davlat rahbari hech bo‘lmaganda 100 tadan 10 ta g‘oya iqtisodiy jihatdan boy bo‘lishini, ular albatta mamlakat iqtisodiyotiga tadbiq etilishini ta’kidladi.

Prezident bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev, Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayev va viloyat hokimlariga bir oy muddatda qobiliyatli yoshlarni aniqlash, ularning ilg‘or g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizim yaratish bo‘yicha topshiriq berdi.