Markaziy bankning valyuta operatsiyalari bo‘yicha buxgalteriya hisobi, statistik va boshqa hisobotlarni yuritish, shuningdek, O‘zbekiston hududida bojxona va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun chet el valyutalarining so‘mga nisbatan rasmiy kurslari kunlik belgilanadi va har bank ish kuni soat 16:00 da Markaziy bankning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilib boriladi. Bu haqda Markaziy bank matbuot kotibi xabar berdi.

Bu Markaziy bank boshqaruvi tomonidan 9 yanvarda qabul qilingan ichki valyuta bozorida valyuta oldi-sotdi operatsiyalarining amalga oshirilishini yanada takomillashtirish borasidagi qarorda keltirilgan. Hozir Markaziy bank yangi kurslarni har seshanba kuni belgilaydi, juda kam hollarda valyuta kursi haftasiga ikki marta belgilanalar edi.

Mazkur qaror bilan 2021−2025 yillarga mo‘ljallangan valyuta intervensiyalari strategiyasi tasdiqlangan.

15 fevraldan boshlab, ichki valyuta bozorida amalga oshiriladigan valyuta oldi-sotdi savdolari bo‘yicha quyidagilar joriy etiladi:

  • O‘zbekiston respublika valyuta birjasida savdo sessiyalari amaldagi «fiksing» usulidan «koll auksion» va ikki tomonlama uzluksiz auksion «metching» savdo usullariga o‘tkazilishi;
  • valyuta birjasida valyuta oldi-sotdisi bo‘yicha savdo sessiyalarining soat 10:00 dan 15:00 gacha «Onlayn platforma» orqali amalga oshirilishi;
  • valyuta birjasida valyuta oldi-sotdisi bo‘yicha hisob-kitoblarning hozirda mavjud T+0 (bugungi ish kuni) shaklidan T+1 (keyingi ish kuni) shakliga o‘tkazilishi;
  • tijorat banklarining valyuta birjasi savdolarida mijozlar nomidan ishtirok etish amaliyotidan voz kechgan holda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bilan valyuta operatsiyalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri valyuta pozitsiyasi orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Shu bilan birga, qarorda valyuta bozorini rivojlantirishning keyingi bosqichlarida valyuta operatsiyalari bo‘yicha savdo ishtirokchilarining umume’tirof etilgan eng namunali amaliyotlarni o‘z ichiga olgan «Etika kodeksi»ning qabul qilinishi hamda tijorat banklarining «market-meykerlar» sifatida ishtirokini yo‘lga qo‘yish maqsadida ularga beriladigan imtiyoz va majburiyatlarni o‘zida aks ettiruvchi «Market-meykerlik faoliyati to‘g‘risida"gi me’yoriy hujjat ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.

«Amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar ichki valyuta bozorining infratuzilmasini takomillashtirish, valyuta kursining shakllanishida tijorat banklarining rolini yanada oshirish hamda tadbirkorlarning mablag‘larini zarur bo‘lgan valyutalarga tezkor ravishda almashtirish imkoniyatlarini yaratadi», — deyiladi xabarda.