29 yanvar kuni Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar prezident va parlament saylovlari kunini dekabrdan oktyabrga o‘tkazish belgilangan qonunni qabul qildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

25 yanvar kuni «Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi bir guruh deputatlar tomonidan taklif etilgan edi. Mazkur guruhga palata spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov boshchilik qilgani aytilmoqda.

O‘sha kuni quyi palata majlisida deputatlar loyihani birinchi o‘qishda ko‘rib chiqqan. Unda deputat Doniyor G‘aniyev qonun loyihasida Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish masalasi bo‘lgani uchun uni bosh qomusning 117-моддасиga muvofiq, jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidlagan. Shunga ko‘ra, hujjat palata saytiga muhokama uchun joylashtirildi.

Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, 4 kun (soatlab hisoblansa 3 kun) mobaynida loyihaga befarq bo‘lmagan fuqarolardan 206 ta taklif kelib tushgan va ularning aksariyati qabul qilingan. Aynan qaysi va nima takliflar o‘tgani haqida ma’lumot keyinroq berilishi aytildi.

29 yanvar kuni palata yalpi majlisida qonun loyihasi ikkinchi o‘qishdayoq qabul qilinib, Senatga yuborilishi belgilandi.

Agar Senat ham ushbu qonun loyihasini ma’qullab, prezident imzo cheksa, unda 2021 yilgi prezident saylovlari 24 oktyabrga to‘g‘ri kelishi mumkin.