O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje In oliy darajada ilgari erishilgan kelishuvlarga muvofiq, 28 yanvar kuni videoanjuman shaklida uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Kun tartibidan ikki tomonlama alohida strategik sheriklik munosabatlarini, mintaqaviy hamkorlik va mamlakatlarning xalqaro tashkilotlar doirasidagi sherikligini rivojlantirishga doir dolzarb masalalar o‘rin olgan.

O‘zbekiston va Koreya yetakchilari siyosiy muloqotning bugungi holati va uni mustahkamlash istiqbollarini, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, sanoat va energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniy almashinuv sohalarida aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalarini tahlil qiladi.

Bo‘lajak muloqotlar va qo‘shma tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqiladi. Sammit yakunida bir qator sohalar va muhim yo‘nalishlar bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surish ko‘zda tutilgan bir qancha hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.