Sardoba toshqinidan jabr ko‘rganlarga uy-joylar taqsimlanishida birinchi navbatda hujjatlarida muammosi bo‘lmagani uchun 1430 ta xonadon egalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilgan. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari O‘lmasjon Mamadaminov brifingda ma’lum qildi.

Ko‘p qavatli uylarning 1-qavatiga birinchi navbatda oilasida nogironligi bo‘lgan bolalar yoki og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bolalar, yolg‘iz pensionerlar joylashtirilgan.

Shuningdek, muammo va kamchiliklari bo‘lgan 724 ta hujjatlar Xalq deputatlari tuman Kengashlari sessiyalarida ko‘rib chiqilib, sessiya qarorlariga asosan uy ajratilishi rad etildi.

Jumladan, 187 tasini — yashaydigan uyi bo‘lgani uchun, 232 ta xonadonga tegishli uylar — Qurilish nazorat inspeksiyasi tomonidan yaroqli deb topilgani sababli va 298 ta xonadon — qurilishi yakunlanmagani, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun qurilgan vaqtinchalik uylar ekanligi aniqlangan.