Fevral oyida «O‘zbekneftgaz» AYOQSHlarida benzin narxlari oshishi kutilmoqda. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Bunga ayrim neft mahsulotlari va yakuniy iste’molchiga sotiladigan tovarlarga solinadigan aksiz soliq stavkalariga 1 fevraldan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilishi sabab bo‘ladi.

1 fevraldan neft mahsulotlariga solinadigan aksiz soliq stavkalari quyidagicha o‘zgaradi:

  • 1 tonna Ai-80 benzini: amalda — 200 000 so‘m, 1 fevraldan — 240 000 so‘m (o‘zgarish 40 000 so‘m yoki 20%);
  • 1 tonna Ai-90 va undan yuqori markali benzini: amalda — 250 000 so‘m, 1 fevraldan — 275 000 so‘m (o‘zgarish 25 000 so‘m yoki 10%);
  • 1 tonna dizel yoqilg‘isi: amalda — 200 000 so‘m, 1 fevraldan — 240 000 so‘m (o‘zgarish 40 000 so‘m yoki 20%);
  • 1 tonna EKO dizel yoqilg‘isi: amalda — 180 000 so‘m, 1 fevraldan — 216 000 so‘m (o‘zgarish 36 000 so‘m yoki 20%).

Yakuniy iste’molchiga sotiladigan tovarlarga solinadigan aksiz soliq stavkalari:

  • 1 tonna benzin: amalda — 378 480 so‘m, 1 fevraldan — 465 530 so‘m (o‘zgarish 87 050 so‘m yoki 23%);
  • 1 tonna dizel yoqilg‘isi: amalda — 346 275 so‘m, 1 fevraldan — 425 918 so‘m (o‘zgarish 79 643 so‘m yoki 23%).

«O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, AYOQSHlarda Ai-80 benzini o‘rtacha 110 so‘mgacha (QQS bilan) qimmatlashishi mumkin.

«Gazeta.uz»ning energetika sohasidagi manbasining xabar berishicha, Ai-90 va undan yuqori markali benzin narxlari o‘rtacha 60 so‘mdan 90 so‘mgacha qimmatlashishi kutilmoqda.