Sadir Japarov Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti lavozimidagi faoliyatini boshladi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati. Inauguratsiya marosimi Milliy filarmoniya binosida bo‘lib o‘tdi va mamlakat telekanallari orqali jonli efirda namoyish etildi.

Inauguratsiya marosimidagi nutqida Qirg‘izistondagi vaziyat va qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

«Biz Rossiyaga, Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tayotgan voqealar munosabati bilan alohida tashvish bildirgan holda, og‘ir kunlarda bizga har tomonlama yordam ko‘rsatganlari uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz», — deb aytdi Qirg‘iziston rahbari.

«Men pandemiya paytida ko‘rsatilayotgan yordam uchun qo‘shnilarimiz — O‘zbekiston va Qozog‘istonga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Bizning umumiy taqdirimiz va tariximiz bor. Strategik sheriklar bilan hamkorlikni, iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi», — dedi Sadir Japarov.

Davlat rahbari suveren Qirg‘iziston Amerika, Yevropa va Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik qilishga intilishini ma’lum qildi.

«Hozirgi vaziyatni yaxshi deb tan olishdan yiroqman. Biz so‘nggi 30 yil davomida to‘plangan qariyb 5 mlrd dollar miqdoridagi tashqi qarzni to‘lay boshlaymiz. 2032 yilgacha biz tashqi qarzni to‘liq to‘lashimiz kerak», — deb aytdi Sadir Japarov.

«Bizning fikrimizcha, dunyo siyosati va iqtisodiyotida, Markaziy Osiyoda, shu jumladan Qirg‘izistonda roli kun sayin ortib borayotgan qo‘shnimiz va sherikimiz sifatida Xitoy o‘zaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni davom ettiradi», — deya qo‘shimcha qildi Qirg‘iziston prezidenti.