O‘zbekistonda bir oy ichida 2021−2023 yillarda «Talabalar uylari» tashkil etish dasturi ishlab chiqiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni yoshlar bandligi va ularning hordig‘ini tashkil etishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi, deya xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

Davlat rahbari bosh vazirning ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Behzod Musayevga, oliy va o‘rta maxsus ta’limi vaziri Abduqodir Toshqulovga va moliya vaziri Timur Ishmetovga tegishli topshiriqlarni berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda respublikaning 129 ta OTMida 500 ming nafar talaba o‘qiydi, lekin ular yetarlicha yotoqxonalar bilan ta’minlanmagan. Toshkentda 85 ta talabalar uyi faqatgina 13 foiz talabani qamrab oladi. 18 ming nafar talaba o‘qiydigan Samarqand davlat universitetining yotoqxonasi 1600 o‘ringa mo‘ljallangan.

«Bu masalani shaxsan bosh vazir o‘z nazoratiga oladi. Yoshlar ko‘paymoqda. Yotoqxonalar sonini ko‘paytirish kerak. Bitta xonada to‘rt kishidan bo‘lsin, platskartaga o‘xshab… Biz „boy“ davlatmizku — bizda ikki kishiga, bir kishiga xonalar bor… To‘rt kishiga xonalar bo‘lsin — platskartaga o‘xshab ikki etaj… Boyroq bo‘lsak, yuqoridagisini olib tashlaymiz», — dedi prezident.

Bosh vazir Abdulla Aripov Xitoy tajribasini misol qilib keltirdi. Uning aytishicha, u yerda yotoqxonalar 4 kishilik xonalar bilan quriladi.

2020 yilning fevralida O‘zbekistonda 356 ming talabadan 68 ming nafari yotoqxonaga muhtojligi aytilgan edi. Bu masalani hal qilish uchun xar bittasi 400 ta o‘ringa mo‘ljallangan 170 ta yotoqxona qurish kerak, bu esa 315 mln dollarni talab etadi.