Rim aeroportida koronavirusni aniqlash uchun itlardan foydalaniladi

Italpol kompaniyasi Rimdagi Fyumichino aeroportida xizmat itlarining COVID-19 ga chalingan yo‘lovchilarni aniqlay olishlarini namoyish etdi. Kelajakda ushbu xizmatlardan taqdimot uchun emas, balki haqiqiy yo‘lovchilar bilan ishlashda foydalanish rejalashtirilgan. Italpol koronavirus yuqtirishi mumkin bo‘lgan odamlarni aniqlashda itni hid bilan o‘rgatish uchun olti-sakkiz hafta vaqt kerakligini ta’kidladi. «Ushbu usulning afzalliklaridan biri shundaki, it hech qanday alomatlari bo‘lmasa ham, potensial bemorni tezda aniqlay oladi» — deyiladi xabarda. Koronavirus bilan kasallanganligini aniqlash uchun itlardan foydalanish g‘oyasi yangi emas: u nafaqat Italiyada, balki, Fransiya va Finlyandiyada sinovdan o‘tkazilgan. — Interfaks.

NATO bosh kotibi davlatlarni mudofaa xarajatlarini ko‘paytirishga chaqirdi

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Harbiy qo‘mita mudofaasi rahbarlari sessiyasida alyansga a’zo davlatlarni mudofaa xarajatlarini ko‘paytirishni, zamonaviy imkoniyatlarga sarmoya kiritishni va qurolli kuchlarning global tahdidlarga, jumladan Rossiyaning «tajovuzkor xatti-harakatlari», Xitoy va terrorizmga qarshi tayyorgarligini oshirishga chaqirdi. Stoltenberg alyans yanada oldindan aytib bo‘lmaydigan va raqobatbardosh dunyo tomonidan har qanday tahdid bilan kurashishga tayyor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. «Bizning demokratiyamiz, qadriyatlarimiz va qoidalarga asoslangan dunyo tartibiga qarshi kurashish olib borilmoqda. Shuning uchun biz kelajakda sodir etilishi mumkin bo‘lgan har qanday tahdidlarga qarshi turishga tayyor bo‘lishimiz kerak», — dedi u. — NATO veb-sahifasi.

AQSH BAA va Saudiya Arabistoniga qurol sotishni vaqtinchalik to‘xtatdi

AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyati BAA va Saudiya Arabistoniga qurol sotishga vaqtincha taqiq qo‘ydi. The Wall Street Journal manbalariga ko‘ra, Baydenning yordamchilari AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp davrida tasdiqlangan «milliardlab dollarlik qurol-yarog‘ operatsiyalarini baholamoqda». Xususan, Saudiya Arabistoniga yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilar va beshinchi avlod F-35 qiruvchi samolyotlarini BAAga sotish bo‘yicha bitimlar ko‘rib chiqilmoqda. Ta’kidlanishicha, Vashington Isroil va BAA o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni to‘liq normallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilganligi uchun Abu-Dabiga ushbu qurollarni yetkazib berishga rozi bo‘lgan. Maqolada yozilishicha, Vashington ushbu qurollar Yamanda ishlatilmasligiga amin bo‘lishni istaydi. — The Wall Street Journal.

Buyuk Britaniyada Alisher Usmonov va Roman Abramovichga qarshi sanksiyalar qo‘llash talab qilindi

Britaniya jamoatlar palatasi a’zolari mamlakat hukumatini ikki rossiyalik milliarder, ya’ni Roman Abramovich va Alisher Usmonovga qarshi sanksiyalarni qo‘llashga chaqirishdi. Bunga 18 yanvarda Moskvada hibsga olingan Aleksey Navalniy bilan bog‘liq vaziyat sabab bo‘ldi. Leyboristlar partiyasidan deputat Margaret Xoj mamlakat hokimiyatini rossiyalik muxolifatchini «so‘z bilan emas, balki amalda» qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi va avvalroq Navalniyning o‘zi G‘arb davlatlariga qator rus milliarderlariga cheklovlar qo‘yishni taklif qilganini eslatdi. «U (Navalniy — tahr.) Abramovich va Usmonovni nomladi. Ikkalasining ham boyliklari, mulklari va ingliz futbol klublari bilan aloqalari bor», — dedi Xoj. Liberal-demokratlar vakili Leyla Moran, o‘z navbatida, Buyuk Britaniya hukumatidan har qanday shaxsga, uning maqomi va moddiy holatidan qat’i nazar, sanksiyalarni qo‘llash imkoniyatlarini ko‘rib chiqish kafolatini talab qildi. Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, parlament hozirda «keyingi harakatlar uchun barcha mumkin bo‘lgan variantlarni» ko‘rib chiqmoqda. — The Times.