Cotton Campaign O‘zbekiston paxta klasterlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Bu haqda bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov ma’lum qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri. Cotton Campaign paxta terimida majburiy va bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymagan klasterlar bilan hamkorlik shartnomalarini tuzishga qiziqish bildirgan.

Cotton Campaign koalitsiyasi o‘zining O‘zbekistonda 2020 yilgi paxta kampaniyasini monitoring qilish natijalari to‘g‘risidagi bayonotida O‘zbekistonga mustaqil fuqarolik jamiyati kerakligini ta’kidlagan.

Koalitsiya 2020 yilda mamlakatdagi paxta yig‘im-terimlarida majburiy mehnatga barham berishda «sezilarli yutuqlar» bo‘lganini qayd etib, so‘nggi 10 yilda ilk bor majburiy mehnat holatlari hujjatlashtirilmagani aytildi.

Shunga qaramay, Cotton Campaign alohida kuzatuvchilarga asoslangan holda xabar berishicha, yig‘im-terim davomida mansabdor shaxslar tomonidan uyushtirilgan majburiy mehnat holatlari, shuningdek davlat xizmatchilari o‘zlarining maoshlarining bir qismini paxta terimchilarini yollash uchun to‘lashlari shart bo‘lgan holatlar kuzatilgan.

«O‘zbekistonda ishonchli global yetkazib beruvchiga aylanish imkoniyati bor, ammo buning uchun brendlar va chakana sotuvchilar yetkazib beruvchilarning mas’uliyatli tanlovini tasdiqlashlari uchun shaffof monitoring va boshqaruv modellari talab etiladi», — deya ta’kidlagan AQSH moda sanoat assotsiatsiyasi (USFIA) prezidenti Julia Xyuz bayonotda.

Koalitsiyaning bayonotiga ko‘ra, O‘zbekiston islohotlar jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlari va mustaqil kasaba uyushmalari kabi fuqarolik kuchlarini rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirish o‘rniga, ko‘proq xususiylashtirish va huquqni muhofaza qilish masalalariga ustuvor ahamiyat bermoqda.

«Brendlar mahsulotlarni ta’minot zanjirida qulay muhit yarata oladigan kuchli mustaqil fuqarolik jamiyatlariga ega bo‘lgan mamlakatlardan olishni istashadi», — deyiladi Cotton Campaign bayonotida.