«Gazeta.uz» manbasining xabar berishicha, 27 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning ish rejasida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilishi nazarda tutilgan.
Markaziy masala — yoshlar uchun ish o‘rinlari yaratish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish.
Yig‘ilishda ilk bor rasmiy statistikada hisobga olinmagan yoshlar orasidagi ishsizlik ko‘rsatkichlari e’lon qilinishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, yigit-qizlarning biznes tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, subsidiyalar, imtiyozli kreditlar ajratish, kasb-hunarga o‘qitish, «yoshlar daftari» orqali ko‘maklashish kabi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari belgilab beriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil, prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb e’lon qilingan edi.