Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlarning bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilishda O‘zbekistonda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 18 milliondan ortiqligi ta’kidlandi. Bu aholining qariyb 55 foizini tashkil etadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar muammolari bo‘yicha ishlar ikkita muhim yo‘nalishda tashkil qilinishi zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Birinchisi — yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘qitish orqali ularning bandligini ta’minlash bo‘lsa, ikkinchisi — yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish.

«Hozirgi kunda 18−30 yoshlilar orasida rasmiy ishsizlik 17 foiz yoki 844 ming nafarni tashkil etmoqda (bu umumiy ishsizlik darajasidan 1,5 baravarga ko‘p). Hisobga olinmagan ishsizlar soni esa bundan-da yuqori», — deb prezident so‘zlarini keltiradi «Gazeta.uz» muxbiri.

Hududlarda yoshlar orasidagi ishsizlikka to‘xtalib, Farg‘ona viloyatida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 703 ming nafar yoshlarning 81 ming nafari ishsiz ekanligi aytildi. 35 ming nafari yoshlar esa xorijga chiqib ketgan.

Yig‘ilishda bu muammolarni manzilli hal etish uchun har bir tuman va shahar kesimidagi ustuvor vazifalar ko‘rsatib o‘tildi. Unga muvofiq

  • hokimning iqtisodiyot, investitsiyalar va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari — bandlik masalalariga;
  • soliq idorasi, savdo-sanoat palatasi va tijorat banklari rahbarlari — yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilishga;
  • hokimning yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga;
  • tuman prokurori, ichki ishlar va mudofaa bo‘limi boshliqlari — uyushmagan yoshlar bilan ishlash, jinoyatchilikni jilovlash, ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga mas’ul bo‘ladi.

2021 yilda 500 ming nafar yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish zarurligi ta’kidlandi. Tuman va shaharlarda an’anaviy yoki masofaviy o‘quv kurslarini ko‘paytirish, ishsiz yoshlarni ushbu tizim orqali kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitib, bandligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

«Ishga marhamat» monomarkazlari hamda kasb-hunar kollejlarini asbob-uskuna bilan ta’minlash, kasb standartlarini ishlab chiqish va o‘qituvchilar malakasini oshirish vazifalari belgilandi.

«Yoshlar: 1+1» dasturi doirasida o‘g‘il-qizlarni tadbirkorlarga biriktirib, ularda biznes ko‘nikmalarini shakllantirish, imtiyozli kreditlar ajratib, o‘z faoliyatini boshlashga ko‘maklashish zarurligi aytildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga joylarda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.