27 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yoshlarning bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev majlisbozlikni tugatish kerakligiga to‘xtaldi. Uning so‘zlarini «Gazeta.uz» muxbiri keltiradi.

«Keraksiz majlislarni o‘tkazishni tugatish kerak. Otbozorga aylanib ketyapti. Ba’zi rahbarlar majlisbozlik bilan kasal. Keraksiz majlislar o‘tkazadigan… 40 daqiqadan ko‘proq (majlis) o‘tkazadiganlar ishdan ketadi. Administratsiya va prezident yig‘ilishlaridan tashqari», — dedi davlat rahbari.

«Majlisbozlik kasaliga chalingan bo‘lsanglar, uyda majlislarni o‘tkazing», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

«Majlisga ketgan vaqtning 50 foizini aholi muammolarini hal qilishga ketkazilsa, shuning o‘zi katta natija beradi», — deya qo‘shimcha qildi prezident.

Prezident 2017 yilda bosh vazir Abdulla Aripovga majlisbozlik, qog‘ozbozlik va hisobotbozlikni keskin kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. 2019 yil dekabr oyida prezident davlat organlaridagi majlislar sonini qisqartirish to‘g‘risida qaror imzolagan edi.