25 yanvar kuni marhum olim Andrey Kubatinning nohaq qamalgani va uning oila a’zolariga yetkazilgan ma’naviy zararni qoplash yuzasidan Uchtepa tumanlararo sudida sud majlisi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Kun.uz.

Ma’naviy zarar undirish bo‘yicha da’voni marhumning opasi Klara Saxarova kiritgan. Javobgar sifatida Toshkent shahar Moliya boshqarmasi sudga jalb etilgan va yetkazilgan ma’naviy zarar uchun 3,5 mlrd so‘m mablag‘ undirish so‘ralgan.

Foto: Kun.uz / Andrey Kubatinning opasi Klara Saxarova.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil oktyabrida Andrey Kubatin koronavirus asoratlaridan vafot etgan edi.

2017 yilda u O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 157-moddasi (davlatga xiyonat qilish) bilan ayblanib, 5 yilga (apellyatsiyagacha — 11 yilga) ozodlikdan mahrum etilgandi. 2019 yil sentyabr oyida olim Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining qarori bilan oqlangan.

Hali hayotligida u Harbiy sudga 560 mln so‘m miqdorida moddiy zararni qoplash to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilgan. 10 dekabr kuni Klara Saxarova pochta orqali sud qarorini oldi, unga ko‘ra tovon puli 462 ming so‘mni tashkil etib, shuning 446 ming so‘mi davlat boji to‘lovi, 16 ming so‘mi pochta xizmati uchun saqlab qolingan. Klara Saxarova sud qarori ustidan apellyatsiya bergan edi.

«O‘zbekiston fuqarosi va dunyoga mashhur olim sifatida uning sha’ni va qadr-qimmati kamsitildi. Jismoniy va ma’naviy-axloqiy azob-uqubatlarga duchor bo‘ldi», — deydi Klara Saxarova.

«U doimo shamollash, yurak-qon tomir yetishmovchiligi, uyqusizlik va asab-psixiatrik kasalliklardan aziyat chekardi. Uning hibsda saqlanish davrida uning oilasi ham azob chekdi. Uning onasi Kubatina Alevtina ma’naviy zarar ko‘rdi va sog‘lig‘iga putur yetdi, unga og‘ir onkologik kasallik tashxisi qo‘yildi va organlarni olib tashlash bo‘yicha murakkab operatsiya o‘tkazildi», — dedi Klara Saxarova.

Klara Saxarova va Andrey Kubatin.

25 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sud jarayoni davomida Andrey Kubatinning opasi va turmush o‘rtog‘i da’vo summasini (3,5 mlrd so‘m) qo‘llab-quvvatladi. Javobgar, Toshkent shahar Moliya boshqarmasi vakili ushbu summa davlat byudjeti hisobidan emas, balki marhumga ma’naviy zarar yetishiga sabab bo‘lgan organlar, uni tergov qilgan tashkilotlar, prokuratura va ayblov hukmini chiqargan sud tomonidan qoplanishi kerakligini aytdi.

Sudya Hilola Ergasheva taraflarning fikrini eshitgach, ish bo‘yicha boshqa masalalarni o‘rganib chiqish maqsadida sud majlisida tanaffus e’lon qildi. Apellyatsiya tartibida berilgan shikoyat bo‘yicha sud jarayonlari hali davom etmoqda.