Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan O‘zbekistonda 30 iyul sanasini «Xalqlar do‘stligi kuni» etib belgilash haqidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, qabul qilindi, deya xabar bermoqda deputat Rasul Kusherbayev.

Qonun uch o‘qishda qabul qilingani va Senatga yuborilgani ma’lum qilindi.

Deputat Aqshagul Tulegenova parlament quyi palatasi saytida yozganidek, Xalqlar do‘stligi kunini belgilash qarori jamiyatda, xalqlar va davlatlar o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Uning eslatib o‘tishiga ko‘ra, O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, shuningdek, 16 diniy konfessiya vakillari istiqomat qiladi. Mamlakatda 141 milliy madaniy markaz mavjud.

30 iyul — Xalqaro do‘stlik kuni. Ushbu kun 2011 yil 3 mayda BMT Bosh assambleyasi tomonidan e’lon qilingan. Mazkur masala bo‘yicha rezolyutsiyada «xalqlar, mamlakatlar, madaniyatlar va shaxslar o‘rtasidagi do‘stlik,tinchlikni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni ilhomlantirishi va madaniy xilma-xillikni hurmat qiladigan jamiyatlar o‘rtasida ko‘priklar yaratish imkoniyatini yaratishi mumkin» deb ta’kidlangan.