O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Jinoyat kodeksiga (JK) hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga (MJtK) o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni ko‘zda tutgan qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi.

Loyihada JKning 185−2-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jazoni dekriminalizatsiya qilishni (umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa) va MJtKga o‘tkazish taklif qilinmoqda. Hozirda ushbu qoidabuzarlik uchun BHMning 25 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari ko‘llaniladi.

Shu bilan birga, 185−2-moddaning 2−4- qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.

185−2-moddaning 2-qismida (umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish ancha miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa) jazo quyidagi tahrirda taklif etilmoqda:

  • BHMning 75 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha (hozirda 1 yilgacha) ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 3 yilgacha (hozirda 1 yilgacha) ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

185−2-moddaning 3-qismida (umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish … ularga tashqaridan aralashish ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa) jazo quyidagi tahrirda taklif etilmoqda:

  • BHMning 150 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha (hozirda 1 yildan 2 yilgacha) ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha (hozirda 1 yildan 2 yilgacha) ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

185−2-moddaning 4-qismida (umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish … ularga tashqaridan aralashish juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa) jazo quyidagi tahrirda taklif etilmoqda:

  • BHMning 300 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 yildan 7 yilgacha (hozirda 2 yildan 3 yilgacha) ozodlikni cheklash yoxud 5 yildan 7 yilgacha (hozirda 2 yildan 3 yilgacha) ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

E’tibor qaratamiz, yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi. Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi.

Bundan tashqari, MJtK 101-moddasi 1-qismiga muvofiq (umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki ulardan foydalanish qoidalarini boshqacha tarzda buzish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gazni hisobga olish asboblariga shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoki bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish) huquqbuzarlik uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda. Xususan:

  • fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (hozirda 5 baravaridan 10 baravarigacha), mansabdor shaxslarga esa — 15 baravaridan 25 baravarigacha (hozirda 10 baravaridan 25 baravarigacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

MJtKning 101-moddasi ikkinchi qism bilan to‘ldirilishi ko‘zda tutilgan:

  • xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa fuqarolarga BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi

Shu kabi o‘zgarishlar MJtKning 163-moddasiga (vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) tegishli bo‘lishi mumkin.

163-modda 1-qismida nazarda tutilgan qoidabuzarlik (vodoprovod tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish hamda vodoprovoddan foydalanish qoidalarini boshqacha tarzda buzish, yer ishlari va boshqa ishlarni bajarayotganda vodoprovod tarmoqlarini muhofaza qilish qoidalarini buzish, basharti bu hol ularning shikastlanishiga sabab bo‘lsa yoxud sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish) uchun quyidagi jaxo chorasi qo‘llanilishi mumkin:

  • fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (hozirda 5 baravaridan 10 baravarigacha), mansabdor shaxslarga esa — 15 baravaridan 25 baravarigacha (hozirda 10 baravaridan 25 baravarigacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

MJtKning 163-moddasi ikkinchi qism bilan to‘ldirilishi ham ko‘zda tutilgan:

  • xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa fuqarolarga BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘zgartirish kitirishga asos

«Energoresurslardan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlikka tortish bo‘yicha halqaro amaliyot shuni ko‘rsatdiki, aksariyat davlatlarda bunday toifdagi huquqbuzarliklar jiddiy jinoyatlar sifatida baholanib, tegishli sanksiyalar nazarda tutilganligi aniqlandi», — deyiladi bosh prokuraturaning tushuntirish xatida.

Idoraning ma’lumotlariga ko‘ra, masalan, Singapurda gaz hisoblagichiga tashqaridan ta’sir qilish 10 ming dollar miqdorida jarima va 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, agar bunda gazdan noqonuniy foydalanilsa 50 ming dollargacha jarima va 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Xuddi shu kabi elektrdan noqonuniy foydalanish 50 ming dollargacha jarima va 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo‘ladi.

Germaniya va Angliyada ushbu toifadagi jinoyatlar uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Ayni paytda, Angliyaning 1961 yildagi O‘g‘rilik to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq, energoresurslardan foydalanishdagi barcha aralashuvlar va noqonuniy iste’mol o‘g‘irlik sifatida baholanadi hamda shunga muvofiq jazo tayinlanadi.

Turkiyada gaz va boshqa suyuq shakldagi energiya resurslarini ushbu resurslarni saqlash, qayta ishlash va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar tomonidan o‘g‘rilash 5 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashga asos bo‘ladi.

Bosh prokuraturaning ta’kidlashicha, taklif qilinayotgan o‘zgartirishlarning amaliyotda qo‘llanishi sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish va kamayishiga, ta’minotchi korxonalarga ushbu jinoyatlar natijasida yetkazilgan zararning to‘liq qoplanishiga sabab bo‘ladi.

Loyihani muhokama qilish 7 fevralga qadar davom etadi.

Eslatma: joriy yilning 1 fevralidan bazaviy hisoblash miqdori (BHM) 223 ming so‘mdan 245 ming so‘mga ko‘tariladi.