O‘zbekistonda prezidentlik saylovlarini oktyabr oyiga ko‘chirish taklif qilingan edi. Shu sababdan saylovga oid qonun loyihasiga o‘zgartirish kiritilishi mumkin.
O‘zA ma’lum qilishicha, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Akshagul Tulegenova bunga quyidagi omillar sabab ekanligini aytdi:
- saylovlardan keyingi siyosiy tadbirlar (parlament birinchi majlisini o‘tkazish, Hukumatni shakllantirish, davlat rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi) yangi yilning birinchi choragi oxiriga qadar cho‘zilishiga olib kelib, natijada Davlat dasturini qabul qilish va boshqa islohotlar kechiktirilishiga sabab bo‘ladi;
- qator xorijiy davlatlarning bayramlari arafasiga (masalan, rojdestvo 25 dekabr) to‘g‘ri kelishi sababli jahon miqyosida obro‘ga ega bo‘lgan xalqaro kuzatuvchilarning saylovda ishtirokini ta’minlashda muayyan qiyinchiliklarni vujudga keltiradi;
- dekabr oyi qish mavsumiga to‘g‘ri kelishi sababli saylovoldi tashviqoti tadbirlarini keng qamrovli o‘tkazish va unda saylovchilarni jalb etishda qator noqulayliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.