Yaqin vaqt ichida O‘zbekistonda bir hokim va bir vazir lavozimini tark etadi. Bu haqda 27 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi. Biroq, davlat rahbari ularning ismlarini oshkor qilmaydi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Bir hafta ichida men kadr masalasi bo‘yicha bir qarorni e’lon qilaman. Sadoqatli odam, lekin ishni bajara olmayapti. Aravani tortmayapti», — dedi prezident hokim haqida gapira turib.

Shavkat Mirziyoyev poytaxtda o‘tirgan va viloyatlarda yetarlicha ishlamayotgan vazirlarni tanqid qilib, ularning biri hokim bilan birga lavozimini tark etishini qo‘shimcha qildi.

«Ikkitasi (hokim va vazir — таҳр.) ketadi, noinsoflar… Bosh vazirga aytganman, o‘nta vazirni ishdan olishimiz kerak, deb. Ikkitasi ishdan olindi, lekin bu hali yetarli emas», — dedi u.

Avvalroq, prezident bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga tumanlar kesimida korrupsiya sabablarini o‘rganish bo‘yicha topshiriq bergan edi.