26 yanvar kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSH davlat rahbari Jozef Bayden o‘rtasida ilk telefon suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TASS xabar bermoqda:

  • Putin va Bayden Strategik hujum qurollari to‘g‘risidagi shartnomani uzaytirish bo‘yicha notalar almashinishidan mamnunliklarini izhor etdilar.
  • Xalqaro mavzular doirasida AQSHning «Ochiq osmon» shartnomasidan bir tomonlama chiqishi, Eron yadro dasturi bo‘yicha qo‘shma Harakat rejasini saqlab qolish muammosi, Ukrainaning ichki kelishuvi va Rossiyaning BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zolari sammitini o‘tkazish bo‘yicha tashabbusi haqida ham so‘z yuritildi.
  • Prezidentlar koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda, savdo-iqtisodiy sohada hamkorlikni muhokama qildilar.

Putin Baydenni prezidentlik bilan tabrikladi. Uning ta’kidlashicha, Moskva va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarning normallashuvi har ikki mamlakat manfaatlariga javob beradi.

Suhbat Amerika rahbarining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tdi, dedi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bayden, xususan, Putin bilan Aleksey Navalniy atrofidagi vaziyat va AQSHdagi saylovlarni muhokama qilmoqchi bo‘lgan.

21 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidenti Jo Baydenga davlat rahbari lavozimiga kirishgani munosabati bilan tabrik yo‘llagan edi.