«Gazeta.uz» 1 fevraldan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etdi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Ish haqi miqdori 1,1 barobarga oshadi

Byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda stipendiyalar miqdori 10%ga oshiriladi. Xususan:

  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — oyiga 747,3 ming so‘m;
  • bazaviy hisoblash miqdori — 245 ming so‘m;
  • bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa — 434 ming so‘m;
  • kam ta’minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam — 326−653 ming so‘m;
  • 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga to‘lanadigan nafaqa miqdori 10% ga oshiriladi.

2. Bir qator mahsulotlarga aksiz solig‘i oshiriladi

Bir qator neft mahsulotlari, tamaki va alkogol mahsulotlariga soliq stavkalari oshiriladi.

Foto: lex.uz


3. Qog‘oz ko‘rinishidagi oylik yo‘l chiptalari sotuvi to‘xtatiladi

1 fevraldan boshlab barcha turdagi (talaba, o‘quvchi, nafaqa hamda aholi uchun) mo‘ljallangan qog‘oz ko‘rinishidagi oylik yo‘l chiptalari sotuvga chiqarilmaydi. Shu kundan e’tiboran imtiyozli elektron oylik yo‘l chiptalari uchun belgilangan kunlik tariflar faollashtiriladi.


4. Bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipak olib chiqilishini monitoring qilinadi

Eksport qiluvchi tashkilotlar tomonidan taqdim qilingan eksport kontraktlari «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tomonidan 2 ish kunida Prezident va Hukumat qarorlarida belgilangan hajmlarga muvofiqligi bo‘yicha monitoringdan o‘tkaziladi.


Foto: lex.uz


5. Sudya faoliyatining samaradorligi elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholanadi

Sud tizimida korrupsiya holatlarining oldini olish, Sudyalar oliy kengashi (Kengash) va sud tizimi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida:

  • ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash bo‘yicha imtihon jarayonlari Internet tarmog‘i (veb-sayt) orqali onlayn tarzda yoritib borish yo‘lga qo‘yiladi;
  • sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron dastur («psixologik test») ishlab chiqiladi;
  • sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni ta’minlaydigan aniq mezonlar amaliyotga (reyting dasturi) tatbiq etiladi.