IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektori Nilufar G‘iyosovaning O‘zAga ma’lum qilishicha, 2020 yilda tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 14 ming 774 xotin-qizga himoya orderi berilgan.

Himoya orderlari ko‘proq Toshkent shahri, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona, Qashqadaryo, Andijon viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Xotin-qizlar 56 holatda jinsiy, 121 holatda iqtisodiy, 6836 holatda jismoniy zo‘ravonlikka uchragan bo‘lsa, 6281 holatda ruhiy bosimni boshidan o‘tkazgan. 1480 holatda tazyiq ostida qolgan.

Himoya orderi berilayotganlar orasida 125 nafar voyaga yetmagan qizlar ham bor. Himoya orderi olayotganlarning asosiy qismini 30 yoshdan oshgan ayollar tashkil etgan. Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning 73 foizi ularning oilalarida, qolgani jamoat joyida, ishxona va ta’lim muassasalarida sodir etilgan.

Himoya orderi berilishi natijasida 14 ming 774 jinoyatning oldi olingan. Faqat himoya orderi olgan ikki nafar shaxs jinoyatdan jabrlangan.

Xabarga ko‘ra, himoya orderi berilgan oilalarda mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari bilan hamkorlikda olib borilgan profilaktik ishlar natijasida 8166 oilada er va xotin yarashtirilgan. 5046 oiladagi nizolar bartaraf etilib, qolganlari bo‘yicha profilaktik ishlar davom ettirilmoqda.

Tazyiq o‘tkazgan yoki zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan 146 nafar shaxs himoya orderi talablarini bajarmagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan.