Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Toshkent va Romitan tumanlarida gaz ta’minotiga noqonuniy ulanib olinganlik holatlari bo‘yicha tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, Toshkent tumanida tadbirkor M.M. o‘ziga qarashli issiqxonaning tabiiy gaz quvuri 2020 yilning oktyabrida dalolatnoma asosida tamg‘alangan bo‘lsada, uni buzib, o‘zboshimchalik bilan gazdan foydalanishda davom etgan. Buning oqibatida gaz ta’minoti korxonasiga 1 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Romitan tumanidagi holatda esa fuqaro N.M. o‘zining fermer xo‘jaligiga qarashli dala shiyponida ohak ishlab chiqaruvchi yashirin sex tashkil qilib, yuqori bosimli gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan. U ohak ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan va natijada «Hududgazta’minot»ga 1,7 mlrd so‘m zarar yetkazgan.

«Hisob-kitoblarga ko‘ra, noqonuniy ravishda foydalanilgan tabiiy gaz kuz-qish mavsumida hududdagi 110 tadan 200 tagacha xonadonni uzluksiz gaz bilan ta’minlashga yetishi ma’lum bo‘ldi», deyiladi xabarda.

Mazkur holatlar yuzasidan JKning 185−2-moddasi (Elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.