Umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar ob’ektlar tomonidan soat 8:00 dan 23:00 gacha bo‘lgan davrida faoliyat yuritishi bilan bog‘liq bo‘lgan cheklovlar bekor qilindi. Bu qaror koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan qabul qilindi.

Bayonotda ushbu ob’ektlar 2019 yil 24 iyulda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining «Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar ob’ektlarda jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qarori talablari doirasida faoliyatni tashkil etishi kerakligi aytilgan.

Komissiya bugungi kunda dunyoning qator mamlakatlarida koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashuvi natijasida karantin, ijtimoiy va iqtisodiy sohalar faoliyatini to‘xtatish kabi cheklovlar hamon davom etayotganligini eslatib o‘tgan.

Aholidan koronavirus infeksiyasini tarqalishini oldini olish maqsadida sanitariya-epidemiologik qoidalarga qat’i rioya etishlari hamda mamlakatda epidemiologik barqarorlikni ta’minlash borasida erishilgan bugungi vaziyatni bardavom bo‘lishi uchun shaxsiy mas’uliyatni oshirishni so‘ragan.