Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 yanvar kuni poytaxt tumanlari hokimlari, Yunusobod tumanidagi mahallalar raislari va yoshlar bilan uchrashgani haqida yozgan edik. Uchrashuvda davlat rahbari an’anaga ko‘ra mahallalar raislari va yoshlarning takliflariga quloq tutdi.“Gazeta.uz” muxbirining xabar berishicha, tadbirda Toshkent davlat yuridik universiteti “Biznes huquqi” kafedrasining 31 yoshli mudiri, Yaponiyaning Nagoya universiteti magistranti hamda Kobe universiteti doktoranti Huseyn Rajabov ikkita taklif bilan chiqdi.

Yosh mutaxassis o‘zining birinchi taklifi bilan sud-huquq tizimi uchun yurist kadrlarni tanlash va tayyorlashni takomillashtirishni xohlayotganini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev uning biografiyasi, ta’limi va tahsili haqida qiziqdi. Davlat rahbari Huseyn Rajabovning TDYUning eng yosh kafedra mudiri ekanini bilgach, unga Oliy sudda ishlashni taklif qildi. U bo‘lsa prezidentga minnatdorchilik bildirib, hozirgi lavozimda qolishni xohlashini ma’lum qildi. Huseyn Rajabov Yaponiyada biznes huquqi va raqobat huquqi yo‘nalishida o‘qigani, O‘zbekistonda ushbu sohalarni rivojlantirish va kadrlar tayyorlashga ko‘maklashmoqchi ekanini aytdi.

Kafedra mudiri prezident o‘zining parlamentga murojaatnomasida sud-huquq tizimidagi muammolarga to‘xtalganini eslab o‘tdi. Jumladan, sud qarorlarining bekor qilinishi, prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qilish organlaridagi korrupsiya holatlari, shuningdek, inson huquqlarining buzilishi.

Ushbu muammolarni hal etish uchun u O‘zbekistonda yuristlar uchun yagona malaka imtihonini joriy etishni taklif qildi.

“Bu muammolar nimadan darak beradi? Malakali va bilimli kadrlar yetishmasligidan yoki tizimga o‘z kasbiga nomunosib odamlarning kelib qolganidan. Mening taklifim shundan iboratki, O‘zbekistonda Yaponiya va Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribalari asosida yuristlar uchun yagona [malaka] imtihonini joriy etish. Bu nima beradi? Bu sud-huquq tizimiga [kadrlarni] tanlab olish va tayyorlashning shaffof va ochiq tizimini yaratish, shuningdek, prokuror yoki sudya lavozimiga eng bilimli va malakali kadrlarni saralashga imkon beradi”, — dedi kafedra mudiri.

Prezident javob tariqasida imtihon joriy etilgan taqdirda 90 foiz nomzodlarning o‘tolmasligini ta’kidladi. Auditoriya uning bu gaplarini kulgu va olqishlar bilan qarshi oldi.

Huseyn Rajabov O‘zbekistonda 10 foiz nomzodlar o‘tsa, bu ko‘rsatkich Yaponiyada bor-yo‘g‘i 3 foizni tashkil etishini ma’lum qildi.

“U holda vakant joylarni qanday yopaman?” — deb so‘radi prezident auditoriyada kulgular tinib ulgurmagan bir vaqtda. U shunday deb davom etdi: “Bilasizmi, ular menga sudya lavozimiga nomzodlarni kiritishadi. Men avvallari tuman sudyalarini tayinlashga ham imzo chekardim. Hozir bu komissiya vakolatiga topshirildi, islohotlar o‘tkazildi. Ammo ular baribir olib kelishadi. Uch nomzod olib kelinadi. Prezident imzolashi kerak. Sud inson taqdirini hal qiladi. Sudya hokimga qaraganda ko‘proq vakolatlarga ega… Meni qiynaydigan narsa — imzo chekishim kerak, ammo men ularning qobiliyatini bilmayman. Agar biz imtihon qiladigan bo‘lsak, ular o‘tolmaydi. Bu kulgili emas”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi haqiqiy hayotning og‘irligini hamma ham to‘g‘ri baholay olmaydi.

“Chet elda o‘qigandan keyin chet el tajribasini bilan „hammasini kesib tashlash oson“. Men ham ko‘p narsa o‘qiyman, men ham buni xohlayman, lekin zamon buni ko‘tarmaydi”, — deya tushuntirdi prezident.

Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin, jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va Oliy sud raisi Kozimjon Komilov (orqada).

Shavkat Mirziyoyev Oliy sud raisi Kozimjon Komilovga Huseyn Rajabov bilan uchrashishni buyurdi.

“Ammo baribir, biz bunga bosqichma-bosqich yaqinlashishimiz kerak. Ochig‘ini aytganda, o‘tgan to‘rt yil ichida men sud-huquq tizimiga katta e’tibor qaratdim. Chunki sudga kelgan fuqaro prezidentning gaplari bilan emas, sudyalarning qarorlari bilan adolatga ishonadi”, — deya ta’kidladi u.

Davlat rahbari O‘zbekistonda afv qilish to‘g‘risidagi qarorlar “noqonuniy qamalganlar ko‘pligi” sababli qabul qilinishini tushuntirdi.

“Chunki tergov „aqlsiz“ ravishda o‘tkazilgan. Tergov jarayonini tartibga solish juda qiyin. Agar tergov yuqori sifatli bo‘lsa va siz kabi tergovchilar tomonidan olib borilsa, bu ham yurisprudensiyadagi xatolar sonini kamaytirishga yordam beradi. Tergovning xatolari sudda aksini topadi. Agar tergov qonuniy, sifatli, bilimli, pirovardida adolatli bo‘lganda edi, afv talab qilinmas edi. Ammo, afsuski, bizda bu bor. Ammo buni darhol „kesib tashlash“, hammani haydab yuborish mumkin emas. Men ham izlanayapman, sizning taklifingiz to‘g‘ri, ammo biz buni birgalikda ko‘rib chiqamiz”, — dedi prezident.

Huseyn Rajabovning ikkinchi taklifi tadbirkorlik sohasi bilan bog‘liq edi. Unga ko‘ra, 2017 yildan beri tadbirkorlar soni 200 mingtaga ko‘paygan va shu sababli yuridik maslahatga ehtiyoj ortib bormoqda. Ammo muammo shundaki, bunday xizmatlarni faqat oliy ma’lumotli yuristlar ko‘rsatishi mumkin.

“Agar biz faqat oliy ma’lumotli yuristlarga tayansak, tadbirkorlarning yuridik maslahatlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondira olmaymiz. Bizda o‘rta maxsus ta’lim — yuridik texnikumlar (respublika bo‘yicha 14 ta) bor. Menimcha, ushbu texnikumlarning bitiruvchilariga yuridik maslahat ko‘rsatuvchi konsalting kompaniyalarini ochish huquqini berish maqsadga muvofiq bo‘ladi”, — dedi u.

Kafedra mudirining fikricha, ushbu qaror bitiruvchilarni o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ish bilan ta’minlashga ko‘maklashadi, hududlardagi tadbirkorlarning yuridik maslahat olish imkoniyatlari kengaytiradi va tadbirkorlik sohasidagi qonunbuzarliklar sonini kamaytiradi.

Shavkat Mirziyoyev ilgari bunday texnikumlar soni 2−3 tani tashkil etganini, 98 foiz holatlarda qabul jarayoni korrupsiyaviy va faqat 2 foizida adolatli o‘tganini aytdi.

“Men qarorni imzoladim, biz [bunday holatlarni yo‘q qilish] choralarini ko‘rayapmiz. Hujjatga imzo chekkanimda meni ushbu texnikumlarda kim o‘qitadi degan savol qiynadi. Qaysi o‘qituvchi? Qayerni tugatgan? Adolat qayerda?” — deb so‘radi va keyin Huseyn Rajabovga yuzlanib, ismini so‘radi va yozib oldi.

“Sen menga hali kerak bo‘lasan. Chunki menga qog‘oz olib keladiganlar bilan ko‘p kurashaman”, — dedi davlat rahbari.

Adham Ikromov.

Prezident Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromovga ushbu yigit bilan uchrashishni va uning taklifini o‘rganishni buyurdi. Savdo-sanoat palatasi rahbari Adliya vazirligi va Oliy sud bilan birgalikda Prezident Administratsisiga yozma ravishda xulosalarni kiritishni ma’lum qildi.