«Joriy yilning yanvar oyi boshidan beri Tojikistonda bironta koronavirus infeksiyasi qayd etilmadi va bizda koronavirus yo‘q deb ishonch bilan aytishimiz mumkin», — dedi Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon parlamentga murojaatida. Bu haqda Avesta axborot agentligi xabar bermoqda.

So‘nggi 15 kun ichida Tojikistonda COVID-19 koronavirus infeksiyasining yangi holatlari qayd etilmagani mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ma’lum qilingan.

«Ammo bu biz beparvo bo‘lishimiz, epidemiya choralarini e’tiborsiz qoldirishimiz kerak degani emas. Qarang, qo‘shni davlatlarda nima bo‘layapti. Shuning uchun respublikaga kirgan har bir kishi, shu jumladan bizning fuqarolarimiz ham 14 kun davomida uyda shifokorlar nazorati ostida bo‘lishi kerak», — dedi Tojikiston prezidenti.