Italiya bosh vaziri iste’foga chiqdi

Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte iste’foga chiqdi. Avvalroq, ya’ni 25 yanvar kuni Konte Vazirlar Kengashining majlisini o‘tkazib, unda u o‘z niyati haqida e’lon qildi. Bunga sobiq bosh vazir Matteo Rensining «Barhayot Italiya» partiyasi Senat tarkibidan chiqib ketgani, bu esa «5ta Yulduz Harakati» va Demokratik partiyaning tarkibidagi hukmron koalitsiyaning parlamentda ko‘p o‘rinlarni yo‘qotgani sabab bo‘ldi. Prezident 27 yanvar kuni hukumat inqirozidan chiqish bo‘yicha siyosiy maslahatlashuvlar boshlanganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, hukumatning iste’foga chiqishi bilan parlamentning tarqatilishi va yangi saylovlar tayinlanishi kutilmayapti. — Gazeta.uz

Tramp Floridada AQSH sobiq prezidenti idorasini ochdi

Donald Tramp Florida shtatida (Palm-Bich okrugi) AQSH sobiq prezidenti sifatida faoliyatini boshqaradigan idora ochdi. Sobiq prezident ofisi Trampga yo‘llangan yozishmalarni saralash, shuningdek, uning jamoatchilik oldida chiqishlarini va bayonotlar tayyorlashni tashkil etish vazifasini o‘z zimmasiga oladi. Bundan tashqari, tashkilot targ‘ibot va jamoatchilik faolligi orqali AQSH manfaatlari yo‘lida Tramp ma’muriyatining kun tartibini ilgari suradi. 24 yanvar kuni sobiq prezidentning saylovoldi kampaniyasi bo‘yicha maslahatchisi Jeyson Miller Tramp yangi siyosiy partiya yaratish rejalaridan voz kechganini ma’lum qildi. — Reuters.

Tunisda bir hafta davom etgan tartibsizliklarda 1,2 mingdan ortiq odam hibsga olingan

So‘nggi bir hafta ichida Tunis huquqni muhofaza qilish idoralari respublikaning turli mintaqalarida sodir bo‘lgan tartibsizlik qatnashgan 1,2 mingdan ortiq kishini hibsga olishdi. «So‘nggi tungi tartibsizliklar bilan bog‘liq ravishda hibsga olinganlarning soni 1200 kishidan oshdi, shulardan 30 foizi voyaga yetmaganlardir», — deya ma’lum qildi Tunis Inson Huquqlari Ligasi raisi Bassem Trifi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hibsga olingan odamlarning aksariyati tinch namoyishlarda qatnashgan, hukumat qaroqchilik va buzg‘unchilikda bevosita ishtirok etganlarning bir nechtasini hibsga olishga muvaffaq bo‘lgan. Tartibsizliklar 16 yanvar kuni kechqurun Tunisning poytaxt va bir necha viloyatida boshlandi. Namoyishchilar iqtisodiy inqiroz va yuqori darajadagi ishsizlik sababli hukumatning iste’fosini talab qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular to‘siqlar o‘rnatishgan, mashinalarning shinalarini yoqishgan, buzg‘unchilik va talon-toroj qilishgan. — TASS.

AQSH tarixida ilk bor ayol kishi moliya vaziri etib tayinlandi

AQSH Senati Janet Yellenni (74 yosh) mamlakat moliya vaziri etib tasdiqladi. Shunday qilib, AQSH tarixida ilk bor vazirlikni ayol kishi boshqaradi. Yellen taniqli iqtisodchi, ilgari AQSH Federal rezerv tizimini boshqargan. Yangi vazir sanksiyalar rejimini strategik holatga keltirgan holda qayta ko‘rib chiqmoqchi ekanligini e’lon qildi. Shu bilan birga, u Rossiyaga qarshi Qrim bo‘yicha sanksiyalarni saqlab qolmoqchi. Shuningdek, u iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashning ikkinchi to‘plami ustida ishlamoqchi. Yellen uzoq muddatli byudjet tendensiyalari xavotirli holatda ekanligini, ammo pandemiya bilan kurashish va iqtisodiyotni rivojlantirish uchun uzoq muddatli sarmoyalar kiritish muhimligini ta’kidladi. — AQSH Senati.

Hindiston TikTok va boshqa 58ta Xitoy ilovasini doimiyga blokladi

Hindiston hukumati milliy suverenitetga tahdid solayotgan mashhur TikTok ijtimoiy tarmog‘ini va boshqa 58ta Xitoy ilovasini doimiyga blokladi. Mamlakat Axborot texnologiyalari vazirligi xitoylik ishlab chiquvchilarning xizmatlari xavfsizligi bilan bog‘liq javoblari va tushuntirishlaridan qoniqmaganligi ta’kidladi. Hindiston hukumati 2020 yil iyun oyida 59ta Xitoy dasturini vaqtincha bloklashga qaror qilgan edi. Rasmiylar ushbu ilovalarning faoliyati «Hindiston suvereniteti va yaxlitligiga» zarar yetkazishi, shuningdek, mamlakat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid solishi bilan izohladilar. — The Economic Times.

Florida bu yil Tokio o‘rniga Olimpiadani o‘tkazishni taklif qildi

AQSHning Florida shtati moliya bo‘limi rahbari Jimmi Patronis Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasini (XOQ) Yozgi Olimpiya o‘yinlarini Yaponiyadan AQSHga o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqishga taklif qildi. «Sizga 2021 yilgi Olimpiadani Yaponiyaning Tokio shahridan AQSHga, aniqrog‘i, Florida shtatiga ko‘chirish imkoniyatini ko‘rib chiqishga so‘rayman», — deyiladi Patronis XOQ rahbari Tomas Baxga yuborgan xatida. Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi OAVlar Yaponiya hukumati Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazishda jiddiy xavotirdaligini yozmoqda. Patronisning ta’kidlashicha, Florida bunday yirik tadbirni o‘tkazish uchun zarur imkoniyatlarga ega, xususan, hududda rivojlangan transport tizimi va sport inshootlari mavjud. — Interfaks.