Hukumatning 23 yanvardagi qarori bilan Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga ko‘maklashuvchi «Chegara posbonlari» otryadlari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Nizomga ko‘ra, Chegara qo‘shinlariga ko‘maklashuvchi «Chegara posbonlari» otryadlari (ko‘maklashuvchi otryadlar) chegara zonasida, davlat chegarasiga tutash tumanlarda yashovchi fuqarolar, shuningdek, davlat chegarasi yaqinida joylashgan muassasa, korxona va tashkilotlarda ishlayotgan ishchi va xizmatchilardan tashkil etiladi.

Ko‘maklashuvchi otryadlar a’zoligiga sog‘lom, fuqarolarning huquq va erkinligini hurmat qiladigan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ixtiyoriy ravishda qabul qilinadi.

Chegaradosh aholi punktlarida amalga oshiriladigan tadbirlarda Chegara qo‘shinlari nazorati ostida qatnashish, belgilangan hududlarda kuzatuv olib borish va faoliyatining tungi vaqtlarida jamoat joylari, mahalla ko‘chalari va chegaradosh hududlardagi qarovsiz joylarda tungi patrullik faoliyatida ishtirok etish ko‘maklashuvchi otryadlarning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Ko‘maklashuvchi otryad Chegara qo‘shinlari harbiy qism bo‘linmalari huzurida 1 nafar sardor va 9 nafargacha bo‘lgan otryad a’zolaridan iborat tarkibda tashkil etiladi.

A’zolikka qabul qilishda mehnat shartnomasi tuzilmaydi va ish staji hisoblanmaydi.

Ko‘maklashuvchi otryadga qabul qilish va ro‘yxatdan chiqarish Chegara qo‘shinlari va harbiy qism komandirining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.

Ko‘maklashuvchi otryad a’zolariga guvohnoma berilib, guvohnoma shakli va uni berish tartibi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan belgilanadi.

Ko‘maklashuvchi otryad a’zolariga quyidagi miqdorda oylik to‘lovlari belgilanadi:

  • sardorlarga — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravarigacha (1 mln 54 ming so‘m — 1 fevraldan);
  • a’zolarga — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,06 baravarigacha (792 ming so‘m — 1 fevraldan).

Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishda, zarurat tug‘ilganda, ko‘maklashuvchi otryad a’zolari o‘zlarining asosiy ish joyi ish beruvchisi roziligi asosida faoliyatidan yil davomida jami 30 ish kunidan oshmagan holda vaqtincha ozod qilinadi va bunda ularning ish staji hamda o‘rtacha oylik maoshi o‘z holicha saqlanib qolinadi.