Angren shahar obodonlashtirish boshqarmasi sobiq rahbari A.I., «A.S.» MCHJ rahbari X.I., «J.T.» MCHJ rahbari J.A. va boshqalar 638,3 mln so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlandi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ushbu mablag‘ 2019 yilda shaharda amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlarida smetada nazarda tutilgan ishlarning to‘liq bajarilmaganligi natijasida, byudjetdan ajratilganligi ma’lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan A.I. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata) va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.