Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-dekabrda parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida 2021-yilda 10 ta prezident maktabi bunyod etilishini ta’kidlagan edi.

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati prezident maktabi Alisher Navoiy Shox ko‘chasida joylashgan Andijon shahar hokimligi va tahririyat binolarining o‘rnida bunyod etilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Bunga qadar, Xabar.uz nashri viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov kelib, bino joylashuvini ko‘rgach, jurnalistlarni “tahririyat xodimlari ko‘chada qolmasmikan?” degan savol qiynayotgani haqida yozgan edi. Unda shuningdek, prezident virtual qabulxonasiga jurnalistlar murojaat qilgani ham qayd etilgandi.

Andijonnoma va Andijanskaya pravda tahririyati. Foto: Yandex.

Viloyat hokimligi ishontirishicha “tahririyat xodimlarining xavotiriga o‘rin yo‘q”. “Tahririyat uchun Andijon shahri markazida barcha qulaylik va sharoitlarga ega, zamonaviy bino qurib bitkazilib, tahririyat ko‘chirib o‘tkazilganidan so‘ng qurilish ishlari amalga oshiriladi”, deyiladi xabar da.

Prezident maktablari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda to‘rtta hududda — Toshkent, Namangan, Nukus va Xivada prezident maktablari faoliyat yuritmoqda. 2021-yilda Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent va Andijon viloyatlarida prezident maktablari qurilishi rejalashtirilgan.