SpaceX kompaniyasining Falcon 9 raketasi Yer orbitasiga 143 ta yo‘ldoshni olib chiqdi va bitta raketa olib chiqqan yo‘ldoshlar soni bo‘yicha 2017 yilda qo‘yilgan rekordni yangiladi. Bu haqda CNN xabar berdi.

2017 yilda Hindiston kosmik agentligi orbitaga 104 ta yo‘ldoshni olib chiqqan edi.

SpaceX olib chiqqan sun’iy yo‘ldoshlarning o‘ntasi Starlink global tarmog‘i uchun mo‘ljallangan. Kompaniya ushbu yo‘ldoshlarni Yer yuzidagi aloqa tarmoqlari yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarni internet bilan ta’minlashda qo‘llamoqchi.

Kompaniyaning rejalariga ko‘ra, Starlink yo‘ldoshlar tizimi kelajakda butun Yer yuzini internet bilan ta’minlashi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, chiqarilgan boshqa turdagi sun’iy yo‘ldoshlar muzli ob’ektlarni va suv toshqinlarini, shuningdek, boshqa turdagi tabiat o‘zgarishlarini kuzatish uchun qo‘llaniladi.

143 ta sun’iy yo‘ldoshli Falcon 9 raketasi 23 yanvar kuni uchirilishi rejalashtirilgan edi. Ammo ob-havo sharoitlari o‘rganib chiqilib, rejalar o‘zgartirilgan.