Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovning matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, yangi tahrirdagi «Aholi bandligi to‘g‘risida"gi qonun kuchga kirishi bilan ishsizlik nafaqasi ham o‘zgaradi.

«Avval ishsizlik nafaqasi ilgari ishlamagan va birinchi bor ish qidirayotganlarga 12 oylik davr mobaynida faqat 13 hafta to‘langan bo‘lsa, endilikda ishsizlik nafaqasi barcha toifadagi ishsizlarga 12 oylik davr ichida 26 kalendar hafta davomida to‘lanishi belgilanmoqda», — dedi vazir.

Nafaqalar miqdorlari:

  • ishdan so‘nggi 12 oy ichida mahrum bo‘lganlarga — avvalgi ishidagi o‘rtacha oylik maoshining 50 foizi, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan oz bo‘lmagan va nafaqani hisoblash paytidagi o‘rtacha ish haqidan ortiq bo‘lmagan miqdorda;
  • ish va maoshdan mahrum bo‘lgan hamda 1 yildan ortiq tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlayotganlarga — MHTEKMningning 1 baravari — 1 fevraldan 747 300 so‘m;
  • ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxslarga — belgilangan MHTEKMning kamida 75 foizi miqdorida.

Ta’kidlanishicha, mazkur choralar natijasida ishsizlar ish qidirish davrida moddiy qo‘llab-quvvatlanadi va 80 mingga yaqin ishsizlarga nafaqalar tayinlanadi.