Maktabgacha ta’lim vazirligi va Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Toshkent viloyati Zangiota tumani 16-sonli davlat MTTda byudjetdan ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi.

Unda aniqlanishicha, ushbu bolalar bog‘chasi direktori 2014−2020 yillar davomida 37 nafar shaxsni, jumladan, 4 nafar qarindoshini turli lavozimga ishga olgani, aslida esa ular tashkilotda faoliyat yuritmagani ma’lum bo‘ldi.

Direktor shtat jadvallari va buxgalteriya tabellariga soxta ma’lumotlarni kiritish orqali hujjatlarni qalbakilashtirib, 6 yil ichida yo‘q ishchilarga maosh hisoblagan va plastik kartaga tushirish yo‘li bilan o‘zlashtirib kelgan.

Ushbu holat yuzasidan MTT mudirasi va boshqalarga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.