23 yanvar kuni, Yangi-Angren IESda sex rahbari lavozimida ishlab kelgan 40 yoshli Sirojiddin Shodiyev uyida o‘zini osgan, buning oqibatida vafot etgan. Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati boshlig‘i Bexzod Qobulov «Gazeta.uz»ga ushbu xabarni tasdiqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, portlash aynan u rahbarlik qiladigan sexda sodir bo‘lgan. Marhum IESda sodir bo‘lgan portlash ishi bo‘yicha tergovga jalb qilingani aytilmoqda. Hozirda marhumning o‘zini osishiga nima sabab bo‘lgani ma’lum emas.

Eslatib o‘tamiz, 20 yanvar kuni 11:42da Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasining profilaktika choralarini ko‘rish uchun to‘xtatilgan 5-energiya blokida chang-ko‘mirli havo aralashmasining chaqnashi bo‘lgan edi.