20-yanvar kuni Yangi-Angren IESda sodir bo‘lgan portlash oqibatida vafot etgan uch nafar ishchilarning oila a’zolariga 105 million so‘mdan kompensatsiya to‘lab berildi.

Energetika vazirligi хabar iga ko‘ra, 22-yanvar kuni korxona “Vostokenergoteploizolyatsiya"ning uch nafar xodimi ularning oila a’zolariga 105 mln so‘mdan to‘lab berilgan. Shu bilan birga, dafn marosimini o‘tkazish uchun 20−21-yanvar kunlari 4 million 866 ming so‘mdan birinchi moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Chorshanba kuni Yangi-Angren IESning 5-energiya blokida chang-ko‘mirli havo aralashmasining chaqnashi natijasida yong‘in sodir bo‘lgan edi. Oqibatda 3 kishi voqea joyida vafot etgan, yana 3 nafari turli darajadagi kuyish tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi. Vafot etgan va jarohat olganlarning barchasi korxona ishchilari hisoblanadi.


Foto: Energetika vazirligi.

Angren shahar prokuraturasi JKning 257-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘lishi va boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

“Xalq so‘zi” gazetasi sayti ma’lum qilishicha, korxona ishchilarining ijtimoiy muhofazasi rahbariyat e’tiboridan chetda qolmoqda. Texnik xavfsizlik talablari buzilyapti. Mehnat muhofazasi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Mavjud ichki tartib-intizom me’yorlariga ham deyarli ahamiyat berilmaydi.


Foto: Sirojiddin Vohidov / “Xalq so‘zi”.

Energetika vazirligi “Gazete.uz"ga ma’lum qilishicha, portlash qurbonlarining ikki nafari ayol hamda bir nafar erkak bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning dekabr oyida Yunusobod metro liniyasi qurilishida tuproq o‘pirilishi natijasida 6 kishi halok bo‘lgan edi. Unda ham qurbonlar oila a’zolariga kompensatsiya to‘lab berilgandi. Voqeaga sababchi deb topilgan to‘rt nafar aybdorga nisbatan jinoyat ishi ayblilik masalasi hal qilinmasdan tugatildi.