Urgut tumani hokimi o‘rinbosari kotibiyati xodimi N.Sh. va uning sherigi N.I.lar pora olganlikda ayblanmoqda. Bu haqda Samarqand viloyati prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.

Fuqaro I.S. DXX Samarqand viloyat boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilgan. Unda Urgut tumani hokimligi Sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati xodimi N.Sh. va uning sherigi N.I.lar Urgut tumani erkin iqtisodiy zonasi hududida mavjud zaxira yer maydonidan 1 gektar yer maydoni ajratib berishi evaziga undan 30 ming AQSH dollari miqdorida pullarni berishini talab qilishganini bildirgan.

Hokimiyat xodimlari Urgut tumani erkin iqtisodiy zonasi hududida mavjud zaxira yer maydonidan 1 gektar yer maydoni ajratib berishi evaziga fuqarodan 30 ming AQSH dollari talab qilgan.

N.Sh. Urgut tumani hokimligi ma’muriy binosi yonida o‘ziga tegishli «Lacetti» da sherigi N.I. bilan I.S.dan kelishilgan pullarning 15 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Ma’lum qilinishiga ko‘ra, avtomashina «bardachogi»dan 10 ming AQSH dollari va N.I. cho‘ntagidan 5 ming AQSH dollari miqdorida pullar mavjudligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Fuqaro N.Sh. va N.I.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda pora berishda ishtirok etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.