Uy-joy kommunal xizmati mamlakat bo‘ylab ko‘p qavatli uylarda liftlarni ta’mirlash va yangilash ishlarini bosh pudratchi sifatida «Texnopark» kompaniyasiga topshirishni taklif qildi. Lekin hukumat qaroriga ko‘ra, ijrochilar tender va tanlovlar asosida tanlanishi lozim ekanligi ta’kidlangan. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ushbu holat bo‘yicha o‘z xulosasini berdi.

Hukumat qarori bilan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Axborot texnologiyalari vazirligi 2020 yil 1 dekabrga qadar liftlarning texnik holatini nazorat qilish va favqulodda vaziyatlarni tezkor ro‘yxatdan o‘tkazish uchun raqamli platforma loyihasini ishlab chiqishi va uni amalga oshirishi kerak edi. Ushbu muddatni «Texnopark» kompaniyasini ijrochilar ro‘yxatiga qo‘shish bilan bir qatorda 2021 yil 1 apreligacha uzaytirish taklif etilmoqda.

Qo‘mita xulosasida «Texnopark"ka yuqoridagi vazifalarni topshirish «Raqobat to‘g‘risidagi» qonunga va prezidentning 2017 yil 8 sentyabrdagi farmoniga zid ekanligi aytilgan. Xususan, bu bilan alohida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga asossiz ravishda eksklyuziv huquqlar, individual imtiyozlar va preferensiyalar berish bilan bog‘liq bo‘lgan punktlar buzilmoqda.

Hukumat qaroriga binoan 2021−2027 yillarda mamlakatda 3562 ta liftni ta’mirlash va almashtirish (84 ta — ta’mirlash, 3478 ta — almashtirish) va bunga 665 mlrd so‘m sarflash rejalashtirilgan.

Shuningdek, Spot xabariga ko‘ra, «Andijon viloyat sanoat markazi»ga 100 gektar yer ajratish va bir qator imtiyozlar berish ko‘zda tutilgan. Ammo qonunga ko‘ra, yerlar elektron auksionlar asosida berilishi nazarda tutilgan.

Qo‘mitaning ta’kidlashicha, ikkala holat ham monopoliyaga qarshi kurashish qonunchiligiga to‘g‘ri kelmaydi.