Ishsizlikni bartaraf etish maqsadida hozirda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufida bo‘lgan kollejlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga o‘tkaziladi. Bu haqda 21 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyati Olot tumanida viloyat faollari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytib o‘tdi, deya xabar berdi Kun.uz.

«Barcha kollejlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga o‘tkaziladi. O‘zi kollejlarning joyi shu vazirlikda, oliy ta’limda emas. Sababi, vazir Nozim Husanov kollejlarga aniq buyurtmalar shakllantirib beradi. Kollejlar esa har bir hududlarga zarur bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlaydi», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, kollejlar yoshlarni kasblarga o‘rgatib, bu bo‘yicha sertifikatlar berishni yo‘lga qo‘yadi.

«Masalan, hozirgi kunda payvandchilarga talab katta. Ana shunday kasbni kollejlar tizimida o‘rgatib, sertifikat ham beriladi. Hunar o‘rgangandan keyin chet elga borsa ham ishi yurishaveradi. Bundan tashqari, avtomobillar ta’mirlovchi, sartarosh, etikdo‘z kabi o‘nlab hunarlar bor. Mana, ishsizlik, temir daftarni tugatish bo‘yicha aniq reja», — dedi davlat rahbari.

Shuningdek Ishga marhamat monomarkazlarini va mahallalarni kollejlarga biriktirish topshirig‘i berildi.