AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp 19 yanvar kuni Faxriylar masalalari departamentiga 2001 yildan 2005 yilga qadar O‘zbekistondagi Qarshi-Xonobod bazasida xizmat qilgan barcha faxriylarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergan. Bu haqda AQSH Oq uyi ma’lumot berdi.

Xujjatda yozilishicha, AQSH Mudofaa vaziri ushbu buyruq chiqarilgan kundan boshlab 365 kun ichida 2001 yil 1 oktyabrdan boshlab 2005 yil 31 dekabrga qadar Qarshi-Xonobod O‘zbekiston aviabazasida xizmat qilgan harbiy xizmatchilarda zaharlanish ta’sirini yaxshilab o‘rganib chiqishi kerak.

Tadqiqot quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:

  1. 2001 yil 1 oktyabrdan 2005 yil 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda aviabazadagi sharoitlarni batafsil baholash, shu jumladan ushbu davrda bazani ifloslantiruvchi har qanday toksik moddalarni aniqlash, toksik moddalarning aniq joylashuvi, ta’sir qilish muddati, zaharli moddalarga duchor bo‘lgan harbiy xizmatchilar va bunday ta’sirning holatlari.
  2. 2001 yil 1 oktyabrdan 2005 yil 31 dekabrigacha aviabazada xizmat qilgan harbiy xizmatchilarning sog‘lig‘iga har qanday ta’sirini batafsil o‘rganish. Ushbu tadqiqot Faxriylar masalalari departamenti tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga mos kelgan holda, tibbiy xizmatlardan foydalanishni talab qiladigan kasalliklarni aniqlaydi.
  3. 1 punktda aniqlangan har qanday toksik moddalar bilan zaharlanish va 2 punktda o‘rganilgan salomatlikka har qanday ta’sir orasidagi bog‘liqlikni o‘rganish.

McClatchy’ning ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHning maxsus operatsion kuchlari 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan so‘ng O‘zbekistondagi harbiy zonada joylashgan. U yerda yashil rangda yarqirab turgan hovuz, yerda oqib turgan qora shilimshiq va «nurlanish xavfi»ni ogohlantiruvchi belgi ko‘zga tashlanardi, deyiladi maqolada.

Foto: mcclatchydc.com

Foto: mcclatchydc.com

Foto: Johnny Lee.

«Qarshi-Xonobod, K2 nomi bilan tanilgan, 2001 yil 11 sentyabr hujumlaridan bir necha hafta o‘tgach, AQSH hukumati tomonidan ijaraga olingan eski Sovet bazasi edi. Ushbu maydon Afg‘oniston shimolidagi al-Qoida va Tolibon nishonlaridan bir necha yuz km uzoqlikda joylashgan», — deya yozadi nashr.


Foto: mcclatchydc.com

K2 bazasi qo‘shinlarni Afg‘onistonda tushirish, tibbiy evakuatsiya va havo hujumlarini ta’minlash uchun muhim markazga aylandi. Ammo Qarshi-Xonobod zonasi kimyoviy qurol qoldiqlari, qayta ishlangan radioaktiv uran va boshqa xavfli moddalar bilan zaharlangan bo‘lgan, deb yozadi nashr.

«Jangdan qaytib kelgandan so‘ng, bir necha yil o‘tgach, biz hammamiz saratonning turli formalari bilan kasallandik, ammo buni Faxriylar masalalari departamenti tan olishni istamadi», — deydi 2001 yil oktyabr oyida K2ga joylashtirilgan maxsus operatsiya harbiy razvedkasi xodimi Skott Uelsh. 2014 yilda unga qalqonsimon bez saratoni tashxisi qo‘yilgan.

2015 yilda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, u yerda xizmat qilgan erkaklar va ayollarning kamida 61 nafari saraton kasalligiga chalingan yoki bu kasallik tufayli vafot etgan. Nashrning ta’kidlashicha, bu ma’lumotlarga K2-ga joylashtirilgan maxsus operatsiyalar kuchlari kiritilmagan bo‘lishi mumkin, chunki ularning operatsiyalari maxfiy bo‘lgan.