2020 yil dekabr oyi yakunida «Gazeta.uz» Jizzax viloyati hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati»dan 292,1 mlrd so‘mlik davlat buyurtmalarini Qurilish Ta’minoti, J-Quruvchi i Abduvohid Qurilish Ta’mir kompaniyalari qo‘lga kiritgani haqida yozgan edi. Ushbu tender savdolarida Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Akram Rahmonqulov tender komissiyasi raisi bo‘lgan.

Mazkur holatlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Hisob palatasi va boshqa idoralar hamkorligida o‘rganib chiqildi.

«O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, davlat xaridlari jarayonlarining amalga oshirilishida affillanganlik xususiyatiga ega aloqalar mavjudligi, bunga tegishli mansabdor shaxslar tomonidan qonuniy munosabat bildirilmagani, tanlov hujjatlarini soxtalashtirganlik kabi holatlar aniqlandi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, g‘olib bo‘lgan Qurilish ta’minoti mansabdor shaxslari tanlovda noqonuniy g‘oliblikni qo‘lga kiritish maqsadida korxona moliyaviy ko‘rsatkichlari, ishchi xodimlarning qurilish sohasidagi ma’lumoti va ish tajribasi hamda tanlovda yuqori ball olishga ko‘maklashuvchi boshqa ma’lumotlarni qasddan oshirgani aniqlangan.

Oqibatda Qurilish ta’minoti ma’muriy bino qurilishida bajarilmagan 905 mln so‘mlik qismi yoki ob’ekt umumiy qiymatining 8 foiz qurilish ishlari hujjatlarida qo‘shib yozib, davlat byudjeti mablag‘larini talon-taroj qilgani ma’lum bo‘ldi.

Jizzax viloyat prokuraturasi tomonidan mansabdor shaxslarga nisbatan JKning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi va 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi «a» bandi, 209-moddasi va 1-qismi (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

«Gazeta.uz» surishtiriga muvofiq, 290 mlrd so‘mdan ortiq yirik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan kompaniyalardan biri Qurilish Ta’minoti (uning o‘g‘liga tegishli) korxonasiga 1998−2010 yillarda Akram Rahmonqulovning o‘zi ham rahbarlik qilgan. Shuningdek, J-Quruvchi tahminlarga ko‘ra, Akram Rahmonqulovning qarindoshiga tegishli, Abduvohid Qurilish Ta’mir rahbari esa unga ona tomondan qarindoshligi ma’lum qilingan.

15 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari siyosatimizga xiyonat qildi», deya ta’kidlagan edi. Davlat rahbari hokim o‘rinbosarida «9 ta bunaqa uyi bor» deya aytgan edi. Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga vaziyatni nazoratga olish va mansabdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish bo‘yicha topshiriq ham berilgandi.

19 yanvarga kelib esa Jizzax viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Nazarov Baxrom Amonovich tayinlandi. Lekin, bunga qadar ushbu lavozimda ishlagan Akram Rahmonqulov nima sababdan bo‘shatilgani haqida ma’lum qilinmadi.

Bundan tashqari, «Gazeta.uz» noyabrda Jizzax shahri ko‘chalarini ko‘rkamlashtirish bo‘yicha 1,9 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasini My Flower MCHJ yutgani haqida yozgan edi. Mazkur kompaniya viloyat hokimining Ergash Soliyevning qizi — Soliyeva Nargiza Ergashevnaga (50,80% ulushi) tegishli.