Noqulay ob-havo sharoiti sababli elektr tarmoqlaridagi uzilishlar oqibatida 550 mingdan ortiq iste’molchi elektrsiz qolgan. Bu haqda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov brifingda xabar berdi.

21 yanvar kuni boshlangan va hozir davom etayotgan kuchli shamol, qor bo‘roni oqibatida havo elektr tarmoqlari hamda trasformator punktlariga yetkazilgan shikast natijasida, respublika bo‘yicha, 110 kV kuchlanishli 7 dona havo liniyalarida va 6−10 kV kuchlanishli 476 dona havo liniyalarida uzilishlar vujudga kelgan.

Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, elektr energiyasidagi uzilishlar natijasida 550 100 iste’molchilar elektr energiyasisiz qolgan.

Tarmoqlarda sodir bo‘ladigan avariyaviy o‘chishlarni tezkor bartaraf etish maqsadida avvaldan hududlarda jami 481 ta tezkor avariyaviy chiqish brigadalari, ularga 378 ta maxsus avariyaviy chiqish mashinalari, maxsus texnikalar hamda rahbar hodimlardan iborat navbatchilik tashkil etilgan, dedi Jahongir Obidjonov.

Sodir bo‘lgan avariyaviy holatlar tunu-kun tashkil etilgan navbatchi brigadalar tomonidan texnika xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilib, barcha avariyaviy o‘chgan 110−35 kV kuchlanishli tarmoqlar hamda 247 dona 6−10 kV kuchlanishli liniyalar tarmoqqa qayta ulandi.

Hozirda elektr energiyasiz qolgan 350 200 dan ortiq yoki deyarli 60 foizi qayta tarmoqqa ulangan.

Hozirda respublika bo‘yicha 6−10 kV kuchlanishli 229 dona havo liniyalarda uzilishlar mavjud bo‘lib, ularda ta’mirlash-tiklash ishlari davom ettirilmoqda.

Avariyaviy holatlarni bartaraf etish maqsadida hududiy korxonalarda 395 dona tarmoq transformatorlar, 191,8 tonna transformator moyi, 947 dona tayanchlar, 53,9 tonna turli o‘lchamdagi sim, 41,5 kilometr kabel mahsulotlari hamda 638 dona kabel muftalaridan iborat zaxira yaratildi. Mazkur tezkor brigadalar aloqa vositilari va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlangan.

Noqulay ob-havo sharoiti ayrim hududlarda bugun ham davom etishini hisobga olib, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ aholini elektr energiyasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlardan ogohlantirdi.

Oldinroq, Xorazm, Qashqadaryo, Sirdaryo, Andijon va Buxoro viloyatlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilganligi haqida xabar bergan edik.