Angren shahar prokuraturasi tomonidan Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasidagi portlash natijasida uch kishi vafot etkani yuzasidan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda «Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra, Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.

JKning 257-moddasi 2-qismi «a, b» bandlari (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘lishi va boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, chorshanba kuni Yangi-Angren IESning 5-energiya blokida chang-ko‘mirli havo aralashmasining chaqnashi natijasida yong‘in sodir bo‘lgan edi. Oqibatda 3 kishi voqea joyida vafot etgan, yana 3 nafari turli darajadagi kuyish tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi. Vafot etgan va jarohat olganlarning barchasi korxona ishchilari hisoblanadi.