Vashingtonda 20 yanvar kuni AQSHning 46-prezidenti Jozef Bayden va 49-vitse-prezidenti Kamala Xarrisning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi. Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq holda, unda cheklangan miqdordagi mehmonlar — taxminan 1000 kishi ishtirok etdi, deya xabar berdi Amerika OAV. Odatda, tadbirga 200 mingga yaqin taklifnoma tarqatilar edi.Kamala Xarris. Jonli efirdan lavha.

Marosim ishtirokchilari orasida AQSHning uchta sobiq prezidenti — Barak Obama, kichik Jorj Bush va Bill Klinton ham bor edi. Yangi prezident va vitse-prezident qasamyod qilgan Kapitoliy balkonida Donald Tramp davrida vitse-prezident bo‘lgan Mayk Pens ham bor edi. Sobiq prezidentning o‘zi inauguratsiya oldidan Florida shtatiga uchib ketgan.

Ledi Gaga. NBC News efirida.

Marosim oldidan Qo‘shma Shtatlar madhiyasini Ledi Gaga ijro etdi. Shuningdek, Jennifer Lopes This Land Is Your Land va America the Beautiful qo‘shiqlaridan parchalar hamda o‘z ijrosidagi Let’s Get Loud xit qo‘shig‘idan qisqacha xirgoyi qildi.

Jennifer Lopes. NBC News efirida.

Jo Bayden o‘z oilasi 128 yildan beri (1893 yildan beri) egalik qilib kelayotgan Injilga qo‘lini qo‘ygan holda qasamyod qabul qildi.

U o‘zining AQSH prezidenti sifatidagi birinchi va 21 daqiqa davom etgan nutqini quyidagi so‘zlar bilan boshladi: «Bu Amerika kunidir. Bu demokratiya kunidir». «Amerika yana sinovdan o‘tkazildi va Amerika chaqiriqni qabul qilib oldi», — deya qo‘shimcha qildi u.

«Bugun biz nomzodning emas, g‘oyaning, demokratiya g‘oyasining g‘alabasini nishonlamoqdamiz. Xalq, xalq irodasiga quloq tutildi… Biz demokratiyaning qimmatbaho ekanini yana bir bor anglab yetdik. Demokratiya mo‘rt narsa. Va bu soatda, do‘stlarim, demokratiya g‘alaba qozondi», — deya ta’kidladi Jo Bayden.

U o‘z nutqida biror marta ham sobiq prezidentning nomini tilga olmadi, biroq uning amerikaliklarni «bo‘lib tashlagan» harakat va qarorlariga ishora qilindi.

Jo Bayden yaqinda Kapitoliyga qilingan hujumni esga olib, hozir «ikki yuz yildan ziyod muddatdan buyon davom etib kelayotganidek, hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish» uchun «bir millat sifatida birlashdik», — dedi.

«Amerika tarixi oramizdan kimgadir emas, balki barchamizga bog‘liq», — dedi yangi prezident.

U bir necha marta «yakdillik» so‘zini qo‘llar ekan, uning ushbu murakkat vaziyatda davlat uchun zarur ekanligiga urg‘u berdi: «Ko‘p narsalarni o‘nglash, ko‘p narsalarni tiklash, ko‘plarni davolash, ko‘p narsalarni qurish va ko‘p narsalarga erishish kerak».

Jo Bayden «bir yil ichida butun Amerika Ikkinchi Jahon Urushida qancha boy bergan bo‘lsa, shuncha odamning hayotiga zomin bo‘lgan» koronavirus pandemiyasiga ham e’tibor qaratdi. «Millionlab ish o‘rinlari yo‘qotildi. Yuz minglab korxonalar yopildi».

Boshqa muammolar qatorida u irqiy adolatsizlik, iqlim o‘zgarishi («sayyora tirik qolish uchun nola qilmoqda»), («biz qarshi turishimiz kerak bo‘lgan va biz g‘alaba qozonadigan») siyosiy ekstremizm, oq tanlilarning ustunligi va ichki terrorizmning kuchayishi masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

«Mazkur muammolarni bartaraf etish, qalblarni qayta tiklash va Amerika kelajagini ta’minlash quruq gapdan ko‘ra ko‘proq narsani talab qiladi. Buning uchun demokratiyada eng qiyin narsa — yakdillik kerak. Birdamlik», — dedi va shunday deb qo‘shimcha qildi: «yakdillik Amerikani yana dunyodagi yetakchi kuchga aylantiradi».

Jo Baydenning ta’kidlashicha, ko‘plab amerikaliklar uni qo‘llab-quvvatlamasligi mumkin, ammo bu adovat va vayronagarchilik uchun sabab bo‘lmasligi kerak: «Keling, barchamiz qaytadan boshlaylik. Keling, yana bir-birimizni tinglashni, eshitishni, ko‘rishni, hurmat ko‘rsatishni boshlaymiz».

U «faktlarning o‘zi manipulyatsiya qilinadigan va hatto to‘qib chiqariladigan» madaniyatdan voz kechishga chaqirdi. «Aziz amerikaliklarim, biz bunday bo‘lishimiz kerak emas. Amerika bundan yaxshiroq bo‘lishi kerak», — dedi prezident.

«Kimdir gaplarimga qo‘shilmasa, shunday bo‘la qolsin. Bu — demokratiya. Bu — Amerika», — dedi Jo Bayden. U barcha amerikaliklarning prezidenti bo‘lishga va uni qo‘llab-quvvatlaganlar uchun kurashishga va’da berdi.

Jahon hamjamiyatiga murojaat qilgan Jo Bayden shunday dedi: «Amerika sinovlarni boshidan o‘tkazdi va yanada kuchliroq bo‘ldi». U AQSH boshqa davlatlar bilan ittifoqchiligini va dunyo bilan aloqalarini qayta rivojlantirishiga ishonch bildirdi. «Biz ittifoqchilarimiz bilan tinchlik, taraqqiyot va xavfsizlik yo‘lida kuchli va ishonchli bo‘lamiz».

U yakunlovchi nutqida barchani koronavirusdan vafot etgan 400 mingdan ziyod amerikaliklar xotirasi uchun bir daqiqalik sukut saqlashga chaqirdi.