2020 yil yanvar-dekabr oylarida O‘zbekistonga gaz importi 50,4 mln dollarni tashkil etdi, bu 2019 yilga nisbatan 237,1 baravar ko‘pdir. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasining tashqi savdo aylanmasi to‘g‘risidagi hisobotida aytilgan.

«Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra Energetika vazirligi gazning qayerdan va qanday hajmda import qilinganligi to‘g‘risida izoh berishdan bosh tortdi. «Gazeta.uz» manbalariga ko‘ra, gaz Turkmanistondan sotib olingan.

Gaz eksporti qiymati bo‘yicha 4,7 baravarga, ya’ni 2,2 mlrd dollardan 478,1 mln dollarga kamaydi. Bu Rossiyaga gaz eksportining to‘xtatilishi, shuningdek koronavirus pandemiyasi sharoitida Xitoyga yetkazib berish hajmining uch baravar kamayishi tufayli yuz berdi. Noyabr oyi oxirida «Lukoyl» O‘zbekistondagi loyihalarda gaz qazib olishni loyihalash darajasida deyarli to‘liq tiklaganligi ma’lum bo‘ldi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 10,8 mlrd kubometrga yoki 17,8 foizga, ya’ni 60,5 mlrd dan 49,7 mlrd kubometrgacha kamaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 dekabr kuni O‘zbekistonda kuniga 20 mln kub metr gaz taqchilligi borligini aytdi. Davlat rahbari gaz eksporti hajmini kamaytirishni buyurdi, shu sababli qo‘shimcha ravishda 7−8 mln kubometr gaz aholi ehtiyojlariga yo‘naltiriladi.

«Interfaks» xabariga ko‘ra, 2020 yil boshidan beri Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi O‘zbekistondan deyarli hech qanday tabiiy gaz sotib olmagan. O‘tgan yilning 6 oyi davomida kompaniya O‘zbekistondan import hajmi nolga teng bo‘lgani to‘g‘risida xabar bergan bo‘lsa, 2020 yilning 9 oyi davomida esa 20 mln kubometr o‘zbek yoqilg‘isini sotib olgani to‘g‘risida ma’lum qilgan. 2019 yilda «Gazprom» O‘zbekistondan 7,6 mlrd kubometr gaz sotib olgan edi.

2021 yilgi Davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, 1 martdan boshlab suyultirilgan gazni olib kirish bojini bekor qilish va elektr va gaz ulgurji bozorini yaratish rejalashtirilgan. Yirik korxonalar energiya manbalarini import qilish huquqini olishlari mumkin.