Mo‘g‘uliston bosh vaziri ko‘zi yorigan bilan bog‘liq janjaldan so‘ng iste’foga chiqdi

Mo‘g‘uliston bosh vaziri Uxnaagiyn Xurelsux ko‘zi yorigan ayolning issiq ustki kiyimsiz holda koronavirus bilan kasallanganlar kasalxonasiga olib borilgani bilan bog‘liq mojaro tufayli yuzaga kelgan noroziliklardan so‘ng iste’foga chiqishini e’lon qildi. Avvalroq, bosh vazir ushbu voqea sababli Vazirlar Mahkamasining butun tarkibini ishdan bo‘shatishni taklif qilgandi. U o‘z nutqida sodir bo‘lgan narsadan afsusda ekanligini aytdi. «Mening ikki vazirim iste’foga chiqishga qaror qilishdi. Men Vazirlar Mahkamasini tuzganimda, ularning barchasi bilan bir guruh bo‘lib ishlashni rejalashtirgandim. Shuning uchun men bosh vazir sifatida mas’uliyatni o‘z zimmamga olib, jamoatchilik talablarini qabul qilishim kerak», — deya ta’kidladi bosh vazir. — TASS.

IHES Ukrainani «Maydan» ishtirokchilarining da’volari uchun 300 ming yevrodan ortiq tovon pulini to‘lashga majburladi

Ukraina hukumati 2013−2014 yillarda Kiyev va mamlakatning boshqa shaharlaridagi «Maydan» harakatlari bilan bog‘liq voqealarning 39 ishtirokchisining da’volari uchun 322 ming yevro tovon pulini to‘lashga majburlandi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHES) ma’lum qildi. «IHES Ukraina Inson huquqlari to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasining 3-moddasi (qiynoqqa solish va qadr-qimmatni kamsitadigan munosabatlarni taqiqlash), 11-modda («Yig‘ilish va birlashish erkinligi»), shuningdek, 2-modda («Yashash huquqi») va 8-moddasini («Shaxsiy hayotni hurmat qilish huquqi») buzganliklarini bir ovozdan tasdiqladi. Da’vogalarning 38 nafari Ukraina, bir nafari Armaniston fuqarolari. O‘z navbatida, sud hukumat qasddan zo‘ravonlik choralarini qo‘llagan va bir namoyishchining o‘limi uchun davlat javobgar degan xulosaga keldi. «Ko‘plab hibsga olish buyruqlari o‘zboshimchalik bilan qilingan va rasmiylar haddan tashqari zo‘ravonlik va noqonuniy hibsga olish usullarini qo‘llagan holda dastlab tinch namoyishlarni buzishga urindi», — deyiladi bayonotda. — TASS.

Buyuk Britaniya fuqarolari uchun Yevropa Ittifoqiga kirishga taqiq ko‘yilishi mumkin

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘z hududlariga Buyuk Britaniya fuqarolariga kirishni taqiqlashi va u bilan barcha yo‘lovchi transport aloqalarini to‘xtatishi mumkin, deya The Times yozmoqda. «Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilishni zarur deb hisoblasa, koronavirus keng tarqalgan mamlakatlardan (Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan mamlakatlar) kirishga vaqtincha taqiq qo‘yishlari mumkin», — deyiladi taklifda. Germaniya kansleri Angela Merkel tomonidan qattiq qo‘llab-quvvatlangan ushbu taklif hozirda Yevropa Ittifoqiga ko‘rib chiqilishi uchun yuborilgan. Nashrning yozishicha, ushbu taqiq avvalo Buyuk Britaniyaga taalluqli bo‘lishi mumkin, chunki mamlakatda koronavirusning avj olishi kuzatilmoqda. — The Times.

AQSH JSST va Parij iqlim kelishuviga qaytmoqda

AQSH prezidenti Jo Bayden sobiq prezident Donald Trampning Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan (JSST) chiqish to‘g‘risidagi qarorini bekor qiladigan farmonni imzoladi. AQSHni JSSTga qaytarish to‘g‘risidagi qaror Bayden prezidentlik lavozimiga kirishganidan so‘ng qabul qilgan birinchi qarorlardan biri bo‘ldi. Ushbu qaror qabul qilinmaganda, AQSH rasmiy ravishda 2021 yil 6 iyulda tashkilotdan chiqib ketgan bo‘lar edi. Shuningdek, Bayden AQSHning Parij iqlim kelishuviga qaytishini imzoladi. — Interfaks.