Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro tumanidagi «Buxoro Varnet» korxonasi faoliyati bilan tanishdi, deya xabar berdi davlat rahbarining matbuot xizmati.

«Prezident 2019 yilda bu yerga kelganida ish endi boshlangan edi. Hozirgi kunda u zamonaviy agrosanoat majmuasiga aylanmoqda», — deyiladi xabarda.

Korxona loyihaning umumiy qiymati 120 mln dollardan ziyodni tashkil qilgan bo‘lib, mablag‘ning hammasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar tashkil etadi. Bugungi kungacha 10 mln dollar tashqi investitsiya o‘zlashtirilib, 13 gektar maydonda issiqxona qurib bitkazildi, 260 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Yana 17 gektarda qurilish ishlari davom etmoqda.

Korxona uchun qariyb 113 gektar yer ajratilgan. O‘tgan yili qariyb 20 mlrd so‘mlik mahsulot yetishtirilib, 1 mln dollarlik eksport qilingan. Joriy yilda 26 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilgan.

Prezident 2020 yil 12 dekabr kuni Xorazm viloyatida bo‘lganida yirik issiqxonalar huzurida o‘quv markazi ochib, shu yo‘nalishga qiziqqan tadbirkorlar va yoshlarni tayyorlash kerakligini ta’kidlagan edi. Davlat rahbari «Buxoro Varnet» korxonasida tashkil etilgan shunday markazni kirib ko‘rdi.

Shu yerda 2021 yil uchun Buxoro viloyatida agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.