DXX va Bosh prokuratura departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yer uchastkalarini noqonuniy yo‘l bilan rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan fuqaro pora olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda «O‘zbekiston24» telekanali xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Qibray tumanidagi tadbirkorlardan biri Toshkent viloyatidagi bir nechta qo‘shni tumanlar hokimliklariga bog‘dorchilik va chorva mollariga yaylov uchun yer ajratishni so‘rab, murojaat qiladi, lekin unga rad javobi beriladi.

Chorvachilikka ixtisoslashgan «Asian milk best» korxonasi rahbari fuqaro Q.T. buni eshitib, Quyichirchiq tumanidagi o‘z korxonasiga tegishli 360 ga sug‘oriladigan yerlarni tadbirkor nomiga o‘tkazib berishni taklif qiladi.

Bundan tashqari, u ushbu tuman hokimiyati zaxirasida bo‘lgan va norasmiy tarzda foydalaniladigan 100 ga yerni ham rasmiylashtirishni taklif etadi.

Buning evaziga Q.T. tadbirkordan 3,7 mln AQSH dollari so‘raydi. Shuningdek, barcha kerakli hujjatlarni rasmiylashtirib beradigan tuman hokimligi mansabdor shaxslari uchun qo‘shimcha 20 ming dollar talab qiladi.

Fuqaro Q.T. 3 mln 720 ming AQSH dollarini tadbirkordan olayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qo‘lgan olindi.

Hozirda Q.T.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 (firibgarlik) va 211 (pora berish) moddalari bilan jinoiy ish ochilgan. Tergov ishlari olib borilmoqda.